Jahon | 19:16 / 20.10.2022
18591
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda amaldorlar kazinoda 507 million tenge yutqazishdi

Olmaota viloyati prokuraturasi o‘tkazgan tekshiruvda qozog‘istonlik 305 nafar mansabdor shaxs kazinoda 507 million tenge (1 million dollardan ortiq) sarflagani aniqlagan.

Hujjatda aytilishicha, 305 nafar davlat xizmatchisi ish paytida kazinoga borib, umumiy hisobda 507 million tengeni qimorga tikib yuborgan. Ularning ko‘pchiligi ichki ishlar va Mudofaa vazirligi xodimlaridir.

Aniqlangan davlat xizmatchilari quyidagi idoralarga tegishli:

Ichki ishlar vazirligi – 97 nafar xodim;

  • Mudofaa vazirligi – 95;
  • Moliya vazirligi – 25;
  • Oliy sud - 7;
  • Moliyaviy monitoring organlari – 15;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish organlari – 3;
  • hokimliklar - 36;
  • boshqa davlat organlari — 27.

Prokuratura aniqlangan holatlar bo‘yicha ba’zi misollarni keltiradi:

- Mavjud ma’naviy-ahloqiy me’yorlarga qaramay, yillik daromadi 10 million tengedan oshmaydigan Ostona hokimligi xodimi kazinoga 54 marta borib, jami 53 million tenge tikkan (Keyinchalik Ostona hokimligi bu shaxs 1 yil oldin ishdan bo‘shaganini ma’lum qildi);

- Atirau viloyati, Energetika va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasining yillik daromadi 7,9 million tengedan oshmaydigan xodimi 2 marta kazinoga borib, umumiy hisobda 3,2 million tenge tikib yuborgan.

- Yillik daromadi 3 million tengedan oshmaydigan Olmaota viloyati G‘aznachilik boshqarmasi xodimi turli kazinolarga 25 marta borib, 33 million tenge sarflagan.

- Yillik daromadi 3 million tengedan oshmaydigan Moliyaviy monitoring agentligi xodimi kazinoga uch marta borib, 25 million tenge tikib yuborgan, — deb misol keltiradi viloyat prokuraturasi.

Prokurorlar davlat xizmatchilarining qimor o‘yinlariga sarflagan pullarining kelib chiqish manbasini tekshirishga chaqirishdi.

«Yuqoridagi holatlar mazkur davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari tizimi, korrupsiyaga qarshi monitoring va korrupsiya xavfi tahlili yetarli darajada amalga oshirilmaganidan dalolat beradi», — deyiladi prokuratura xabarida.

Mavzuga oid