Avatar robot, davolovchi nimcha, butkul yaroqsiz tuproqdan hosil olish - o‘zbek yoshlarining yangi ishlanmalari
“InnoWeek.Uz-2022” innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida o‘zbek yoshlarining yuzdan ortiq loyihalari taqdim etildi. Ular orasida 10dan ortiq kasalliklarni davolashga yordamlashuvchi nimcha, qandli diabet bemorlari uchun maxsus oyoq kiyimlar ham bor.
17-21 oktyabr kunlari Innovatsiya vazirligining an’anaviy “InnoWeek.Uz-2022” haftaligi bo‘lib o‘tdi. Haftalik doirasida “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” va “TechnoWays” texnologik marafoni g‘oliblari ham aniqlandi. Kun.uz tanlov ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.
Qoraqalpoq va o‘zbek tillaridagi xatolarni aniqlovchi dastur
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti matematika fakulteti talabasi Asadbek Qogambayev va Nukus yoshlar texnoparki vakili Temur Tojinov “Orfo qareken” loyihasi bilan tanlovda qatnashdi.
“Orfo qareken” – kirill va lotin alifbosida yozilgan barcha so‘zlarni qoraqalpoq tiliga o‘giradigan maxsus dastur hisoblanadi. Loyiha mualliflarining tushuntirishicha, dastur qoraqalpoq va o‘zbek tillarida yozilgan matnlardagi xatoliklarni ko‘rsatib beradi.
“Qoraqalpoq tilida yozadiganlar o‘zbek tilidagi ayrim so‘zlar imlosida adashishlari mumkin. “Orfo qareken” dasturini kompyuterga o‘rnatgach, dastur xato yozilgan so‘z ostiga chizib, ko‘rsatib turadi. Xuddi shunday, dastur qoraqalpoq tilida yozilgan xato so‘zlarni ham ko‘rsatib turadi.
Buni hozircha faqat kompyuterga joylash mumkin. Yaqinda Microsoft dasturlari ichiga ham qo‘shilib, Word, Excel yoki boshqa dasturlarda yozganda ham qoraqalpoq va o‘zbek tillarida xato yozilgan so‘zlarni ko‘rsatib beradi. Hozir shu bo‘yicha shartnoma tuzyapmiz”, – deydi Asadbek Qogambayev.
Qandli diabet bemorlari uchun maxsus poyabzal
Buxoro muxandislik-texnologiyalari institutining “Charm buyumlari texnologiyasi va dizayni” kafedrasi assistenti Madinabonu Muhammadiyevaning “Qandli diabet bilan kasallanganlar uchun profilaktik poyabzal ishlab chiqarish” startap loyihasi ham haftalik doirasida namoyish etildi.
Bu startapning o‘ziga xosligi – qand kasali bor bemorlar oyoqlaridagi yaralarning tezroq bitishiga yordam beradi.
“Qand kasali bor bemorlar oyog‘ida qon aylanishi yaxshi emasligi sabab ulardagi mazollar, yaralar og‘riqli kechadi. Biz tayyorlagan poyabzal o‘sha yallig‘langan zonaga bosim tushmasligini ta’minlab beradi. Natijada yallig‘langan joylar tezroq bitadi. Biz har bir qand kasali bor bemorning oyoq biomexanikasiga moslab oyoq kiyim ishlab chiqarib beramiz. Chunki bunday bemorlar oyoq biomexanikasi standart oyoq biomexanikasidan farq qiladi. Ularda oyoq shishishi, o‘z shaklini yo‘qotishi kabi holatlar bo‘ladi. Bozorda esa ularning holatiga mos oyoq kiyim yo‘q”, – deydi loyiha muallifi.
Avatar robot
Haftalik doirasida og‘ir yuklarni ko‘tarish uchun yaratilgan ulkan Avatar robot ham namoyish etildi. Loyiha tashkilotchisi Xushnud Mehmonovning aytishicha, robot ichiga odam kirib, uni boshqarishi ham mumkin.
“Biz bu robotni “Avatar” kinofilmidan ilhomlanib yaratdik. Siz ko‘rib turgan robot – prototip. Unga ustozlarimiz homiylik qildilar. Unga investorlar topilsa, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Undan harbiy sohada, qurilishda og‘ir yuklarni ko‘tarishda foydalansa bo‘ladi. Robotning ichiga odam kirib, uni boshqaradi”, – dedi u.
Innovatsion davolash nimchasi
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filialining 3-bosqich talabasi Javlonbek Abduvaliyev “Technoways” tanlovida o‘zining “Innovatsion davolash nimchasi” bilan qatnashib, g‘olib bo‘ldi.
“Innovatsion davolash nimchasi” o‘pkadagi klirens jarayonini yaxshilash, balg‘amning o‘pkada turib, ko‘payib, yiringlab, so‘ng o‘pka to‘qimasiga yetkazadigan zararlarni va og‘ir asoratlarni davolash, nafas qisishining oldini olish va unga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan.
Muallifning tushuntirishicha, nimcha surunkali obstraktiv o‘pka kasalligi, bronxoyektaz, o‘pka polikistozi, bronxial astma, nevrologik kasalliklar, yosh bolalarda uchraydigan gipoplaza, Covid -19 infeksiyasining o‘pka tizimidagi asoratlari, insult va qandli diabet kasalligining reabilitatsiya jarayoni, tamaki mahsulotlarini ko‘p iste’mol qiluvchilarni, nerv-mushak kasalliklarini fizioterapiya va maxsus qurilma yordamida o‘pkaga ta’sir ettirish yo‘li bilan tabiiy ravishda davolaydi.
“Loyiha ustida 2019 yil mart oyidan boshlab ishlab kelmoqdaman. 2022 yilning yanvar oyidan boshlab Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori Farhod Musayev bilan hamkorlikda Pulmonologiya bo‘limida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Sinov natijalariga ko‘ra kasallik turiga qarab, iste’mol qilinayotgan dori samaradorligi 42-87 foizga oshirildi. Shuningdek, davolanish vaqti 35-75 foizga qisqartirildi.
Innovatsion davolash nimchasidan ixchamligi va qulayligi tufayli uyda, ko‘chadagi harakat davomida, ofisdagi ish jarayonida foydalanish mumkin. Chunki u o‘pkadagi qon aylanishini, o‘pka tiriklik sig‘imini yaxshilaydi, emfizema kelib chiqishi oldini oladi”, – deydi Javlonbek Abduvaliyev.
Nol foiz unumsiz yerdan unumli foydalanish loyihasi
“TechnoWays”ning g‘oliblaridan yana biri – Zarafshon shahar kasb-hunar maktabi 214-guruh o‘quvchisi Odilov Adham. Uning “Akvaponika” startapi 4-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Bu loyiha bir vaqtning o‘zida o‘simliklar va baliqlarni yetishtirishga qodir barqaror tizimdir. Ya’ni baliq oziqlangandan keyin baliqdan chiqqan bakteriyalar o‘simliklarga o‘g‘it bo‘ladi.
“Akvaponika tizimini tayyorlashga 6-7 oy vaqtimiz ketdi. Bu tizim bilan unumdorligi 0 foizga teng bo‘lgan yerlardan unumli foydalanishimiz mumkin. Bundan tashqari, akvaponika tizimida ekologik toza mahsulot yetishtiriladi. An’anaviy dehqonchilikdan farqi esa juda kam suv sarflanadi”, – dedi Odilov Adham.
Zuhra Abduhalimova tayyorladi.
Mavzuga oid
18:17 / 23.11.2024
Yaponiyada odamlarni yuvintiradigan kir mashinasi ixtiro qilindi
15:32 / 22.11.2024
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlar davlat fuqarolik xizmatiga tanlovsiz qabul qilinadi
15:44 / 13.11.2024
AQShda jarroh robot videoga qarab operatsiya qilishni o‘rgandi
15:18 / 13.11.2024