Ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar “Milliybank”. Samarqandda fuqaro yemagan somsaga pul to‘lamoqda
Samarqand shahrida yashovchi Davlat Aminov 2017 yilda ikkilamchi bozordan uy sotib olgan va o‘sha hovli bank bergan mablag‘ evaziga garovga qo‘yilgan. U yillar davomida garchi kreditni so‘ndirish uchun bankka to‘lov qilgan bo‘lsa-da, mablag‘ o‘z joyiga borib tushmagani aytilmoqda.
Aminov biz bilan suhbatda qarindoshi O.Mingboyev nomiga “Milliybank”ning Samarqand filialidan 350 mln so‘m kredit olinganini bildirdi. Biroq avvalboshdan o‘sha mablag‘ni qaytarish Aminovning zimmasida bo‘lgan. U bankning muammoli kreditlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Dilshod Husaynovga naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirib kelganini aytmoqda.
“Qarzdorlikni oyma-oy yopib kelardim. To‘lovni doimiy tarzda Husaynov orqali amalga oshirganman. Biror sabab bilan to‘lovni kechiktirsam, qo‘ng‘iroq qilardi va imkoniyatimga qarab 5-6 kun kechikish bilan bo‘lsa-da to‘lov qilgan kunlarim bo‘lgan. Naqd shaklda to‘laganim uchun ayrim holatda kvitansiya berardi, ayrim holatlarda yo‘q. To‘lovlarim bankka kirim qilinayotgandirki, meni hech kim bezovta qilmasdi. Chunki mendagi qarzdorlik bilan bevosita Husaynovning o‘zi ishlardi.
Biroq 2022 yilning 20 aprel kuni bankdan Musobek ismli yigit telefon qildi. O‘zini Husaynovning o‘rniga tayinlanganini aytib, 2,5 yildan buyon bankka to‘lov qilinmayotganini bildirdi. Bankka borib, muntazam to‘lov qilib kelganimni aytdim va kvitansiya ko‘rsatdim. Xodimlar kvitansiya bankka tegishli ekanini tan olsa-da, kompyuterda to‘lovlar ko‘rinmayotganini aytishdi.
Shundan keyin boshqa bo‘limga o‘tgan Husaynov bilan yuzlashdik, u kassada tushunmovchilik bo‘lgan deb, vaqt so‘radi. Shu-shu mendan qochib yurdi, bir necha marta telefonda gaplashdik, naf bo‘lmagach, prokuraturaga murojaat qilishimga to‘g‘ri keldi”, – deydi Davlat Aminov.
Holatning ajoyibligi shundaki, Aminov bank ma’muriyatiga o‘zining qarzdor emasligini, muammo bankning o‘z xodimi aybi bilan yuzaga kelayotganini aytsa-da, “Milliybank” Samarqand filiali sudga da’vo kiritgan.
Bank o‘z xodimining xatosini to‘g‘rilash, mijozni hurmat qilish o‘rniga, e’tiborni garovga qo‘yilgan hovliga qaratgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi ishni “Milliybank” AJ Samarqand filiali foydasiga hal qilgan. 2022 yilning 14 iyuldagi hal qiluv qarori bilan 195 mln kredit, 109 mln muddati o‘tgan asosiy qarz, jami qariyb 399 mln so‘m qarzdorlik Olimjon Mingboyev (Davlat Aminovning qarindoshi) nomida turgan uyga qaratilgan.
Davlat Aminov: “Sud bo‘lib o‘tganini ham bir necha kun o‘tib bildik, qatnashmaganmiz”, deyapti. Chunki xabarnoma kechikib yetib borgan.
Aminov holat bo‘yicha Samarqand viloyati prokuraturasiga arz qilgan.
Nizo yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasiga murojaat qildik. Prokuraturaga ko‘ra, “Milliybank” Samarqand filialining muammoli kreditlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Dilshod Husaynovga nisbatan 2022 yilning 19 fevral kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkazilgan tergov harakatlari davomida Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 222-modda 1-qismi, 228-modda 3-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, ehtiyot chorasi qo‘llangan. Olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida ayblanuvchi D.Husaynovning ayblari obektiv dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan. Jinoyat ishi 2022 yil 12 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga yuborilgan.
Aminov bank xodimi Dilshod Husaynov bilan aynan shu masala yuzasidan qilingan suhbatlarning audio variantini Kun.uz'ga ham taqdim etdi.
Masalaning yana bir og‘riqli tomoni bor. Davlat Aminov hozirgi vaqtda o‘sha sotib olingan hovlida ota-onasi bilan yashab kelayotgani va ularni endi Majburiy ijro byurosi ham bezovta qilayotganini aytmoqda. Sababi – hukm o‘qilgan. U endi nafaqat bank, balki sud va MIBning ham qosh-qovog‘iga qarashiga to‘g‘ri kelyapti.
Muammo shundaki, bank rahbariyati o‘z xodimining ustidan jinoyat ishi ochilganini bila turib ham kreditni qaytarish bilan bog‘liq jarayonni to‘xtatgani yo‘q. Og‘irlikni aynan mijozning gardaniga qo‘ymoqda. Bank mijoz uchun emas, mijoz bank uchun xizmat qilmoqda...
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
10:53
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024
Samarqandda yo‘lovchi avtobusi traktor tirkamasi bilan to‘qnashdi
14:23 / 29.10.2024