O‘zbekiston | 22:05 / 27.10.2022
12689
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish uchun ruxsat beruvchi organlar ro‘yxatidan Ekologiya qo‘mitasi chiqarib tashlangani oydinlashdi

“Biz ruxsatnoma berishi kerak bo‘lganlar ro‘yxatida davlat Ekologiya qo‘mitasini saqlab qolish kerakligi borasida pozitsiyamizni bildirganmiz. Lekin qaror Ekoqo‘m bilan kelishilmagan tarzda qabul qilindi”, deya Kun.uz muxbiri savoliga javoban ma’lum qildi Ekoqo‘m boshqarma boshlig‘i Bahrom Xolxo‘jayev.

27 oktyabr kuni “Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishi holati kelib chiqish sabablari va ko‘rilayotgan choralar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda Kun.uz muxbiri barcha qurilishlar uchun Ekologiya qo‘mitasi va uning hududiy bo‘limlaridan ruxsatnoma olinishi kerak bo‘lgani, lekin Vazirlar Mahkamasining shu yil 20 apreldagi 200-son qarori bilan bu tartib bekor qilingani borasida Ekologiya qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodovga savol bilan yuzlandi.

“Shaxsan men bu tartib bekor qilinishida shundoq ham yomonlashib borayotgan bir sharoitda ekologiya va millionlab insonlar salomatligini bir tiyinga olmaydigan, faqat o‘z foydasini o‘ylovchi kuchlar lobbisini ko‘rmoqdaman”, – degan jurnalist Ilyos Safarov.

Narzulla Oblomurodovga ko‘ra, O‘zbekiston qonunchiligida bo‘lib kelgan amaliyot chindan 200-son qaror bilan tugatilgan.

Narzulla Oblomurodov

“Bizda bu jarayonda qatnashish bo‘yicha turli vositalar bor. Masalan, shaharsozlikdagi turli loyihalar ekologik ekspertizadan o‘tadi. Ha, bizda haqiqatan shunday tartib avval bo‘lgan. Yangi qabul qilingan tartibga muvofiq ekologiya organlari u yerda ishtirok etayotgani yo‘q.

Lekin yangi loyiha bilan amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritish ishlari olib borilyapti”, – dedi u.

Oblomurodov so‘zlarini qo‘mitaning boshqarma boshlig‘i Bahrom Xolxo‘jayev to‘ldirdi. Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi qarori Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilmagan holda qabul qilingan. Qo‘mitaning bu boradagi fikrlari inobatga olinmagan.

Bahrom Xolxo‘jayev

“Qaror qabul qilinishidan avval vazirlik va idoralar bilan kelishildi. Biz ruxsatnoma olish kerak bo‘lganlar ro‘yxatida Davlat ekologiya qo‘mitasini saqlab qolish kerakligi borasida pozitsiyamizni bildirdik. Lekin qaror qo‘mita bilan kelishilmagan tarzda qabul qilindi.

Shundan keyin mana shu kabi holatlar umumiy asoslantirilgan tarzda o‘rganib chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taklif berildi hamda unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Loyiha hozirda 14ta vazirlik bilan kelishilgan, u kerakli huquqiy ekspertizadan o‘tgach, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi”, – dedi Bahrom Xolxo‘jayev. 

Mavzuga oid