Jahon | 11:08 / 28.10.2022
3527
3 daqiqa o‘qiladi

YeI qazib olinadigan yonilg‘ida yuruvchi avtomobillarni 2035 yildan taqiqlashni ma’qulladi

2035 yildan boshlab Yevropa Ittifoqi ichki yonuv dvigatelli yangi avtomobillarni sotishni taqiqlaydi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va Yevroparlament 2035 yildan boshlab Yevropa Ittifoqida ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni sotishni samarali taqiqlovchi qonunni qabul qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdi. Bu haqda 27 oktyabr, payshanba kuni Yevroparlament saytida ma’lum qilindi.

Yangi qonunni ma’qullashi kerak bo‘lgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Yevropa Parlamenti muzokarachilari, shuningdek, uni ishlab chiqayotgan Yevropa Komissiyasi avtomobil ishlab chiqaruvchilari 2035 yilgacha CO2 chiqarilishini 100 foizga kamaytirishga kelishib oldilar, bu esa qazib olinadigan yonilg‘ida ishlaydigan yangi avtomobillar sotishni imkonsiz qiladi.

Yiliga 10 000 dan kam avtomobil ishlab chiqaradigan ishlab chiqaruvchilar, ya’ni Ferrari kabi hashamatli avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun vaqtinchalik istisnolar qo‘llaniladi, deb xabar qildi AFP. Kelishuv, shuningdek, kelajakda qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasidan foydalangan holda ishlab chiqariladigan sintetik yonilg‘i turi bo‘lgan elektron yonilg‘ida ishlaydigan ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni sotishga ruxsat berish imkoniyatini ham saqlab qoladi.

Endi kelishuv rasman kuchga kirishidan oldin Yevroparlament va Yevropa kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bular Yevropa Ittifoqining 2030 yilgacha issiqxona gazlari chiqarilishini 55 foizga qisqartirishni maqsad qilgan «Fit for 55» yashil rejalari doirasida kelishilgan birinchi qoidalardir.

Bu «Yevropa Ittifoqining iqlim bo‘yicha tarixiy qarori», dedi Yevroparlamentning atrof-muhit bo‘yicha qo‘mitasiga raislik qiluvchi fransuz parlamenti deputati Paskal Kanfin. Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Frans Timmermansning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror «sanoat va iste’molchilarga kuchli signal beradi: Yevropa emissiyasiz harakatlanish sari intilmoqda».

«Ushbu qaror bilan ichki yonuv dvigateli nihoyat bosqichma-bosqich to‘xtatiladi, ammo uni tugatish sanasi juda kech», dedi Greenpeace'ning transport bo‘yicha eksperti Tobias Ostrup AFP'ga. Parij iqlim kelishuvining 1,5 daraja haroratni oshirish maqsadiga erishish uchun Yevropada 2028 yilgacha yangi dizel va benzinli dvigatellar bo‘lmasligi kerak, dedi u.

Kelishuv Germaniya avtomobilsozlik assotsiatsiyasi (VDA) tomonidan tanqid qilindi. Unda «ambitsiyali maqsadlar» qo‘yilgan, ammo muvaffaqiyatli transformatsiya uchun zarur shart-sharoitlar belgilanmagan, dedi VDA prezidenti Xildegard Myuller. Bu, xususan, elektromobillar uchun zaryadlash infratuzilmasini kengaytirishga tegishli, dedi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid