Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2022 yil sentabr-oktabr oylarida Buxoro, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelinayotgani holatlarini o‘rgandi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu 10 ta viloyatda jami 1378 nafar davlat xizmatchilari: 138 nafari hokim va hokim o‘rinbosarlari, 148 nafari davlat banklari boshqaruvchisi va ularning o‘rinbosarlari, 1092 nafari hokim yordamchilari davlat xizmati bilan birga rahbar yoki ta’sischi sifatida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Agentlik «biznes» qilayotgan hokimlar va yordamchilarini tumanlar miqyosida ochiqlamagan.

Shuningdek, davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan o‘rganishlarda hududlarda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslari va ularning yaqin qarindoshlariga tegishli korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etib, g‘olib bo‘lgani aniqlandi.

Xususan, 2021-2022 yilning 6 oyi davomida Buxoro viloyatida 340 ta holatda 34,3 mlrd so‘mlik davlat xaridlaridan 19 ta holatda tashkilot rahbari va moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, 72 ta holatda buxgalteriya xodimlari, 24 ta holatda ombor mudiri va ta’minot xodimlari, 30 ta holatda injyener va texnik nazoratchilar, 20 ta holatda shartnomalar huquqiy ekspertizasini amalga oshiruvchi yuristlar va qolgan holatda boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta’sischisi (benefitsiari) bo‘lgan.

Surxondaryo viloyatida esa 155 ta holatda 16,1 mlrd so‘mlik davlat xaridlaridan 67 ta holatda bosh hisobchi, hisobchi va iqtisodchilar, 60 ta holatda xo‘jalik va ombor mudirlari, 28 ta holatda bo‘lim boshliqlari va boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta’sischisi (benefitsiari) bo‘lgani aniqlandi. Xususan:

  • Surxondaryo viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan Termiz shahridagi 6-maktab binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 8 mlrd so‘mlik davlat xaridida ushbu kompaniyaning yetakchi mutaxassisi ta’sischiligidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan;