13:15 / 29.10.2022
10259

2022 yilda 18 nafar rossiyalik O‘zbekiston fuqaroligini olgani ma’lum qilindi

Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ulug‘bek Muhamedovga ko‘ra 2022 yilning 9 oyida 318 156 nafar rossiyalik mamlakatimizga kelgan. Shundan 18 kishi O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan.

Foto: Reuters

IIV mulozimi O‘zAga bergan intervyusida Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga kirib kelganlar, fuqarolikni olganlar, ishlashga kelganlar sonini ochiqlagan.

“Joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida 318 156 nafar Rossiya federatsiya fuqarolari mamlakatimizga kelgan. Ularning 210 ming 902 nafarini erkaklar, 107 ming 254 nafarini ayollar yoshga bog‘liq ravishda 109 ming 417 nafarini 18 yoshdan 30 yosh oralig‘igacha bo‘lganlar, 117 ming 625 nafarini 30 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lganlar, 73 ming 858 nafari 55 yoshdan yuqori bo‘lganlar tashkil etadi.

«O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonuni 21-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlaridan kelib chiqib, Prezident tomonidan chet davlatlarning fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga qonunda belgilangan talablar (chet davlat fuqaroligidan voz kechishi, respublika hududida fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomida 5 yil muqim yashashi, qonuniy tirikchilik manbaiga ega bo‘lishi, davlat tilini lozim darajada bilishi) qo‘llanmagan holda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini berishi mumkinligi belgilangan.

Hozirga qadar 18 nafar Rossiya Federatsiyasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan”, deya Ulug‘bek Muhamedovdan iqtibos keltirmoqda Milliy axborot agentligi.

IIV boshqarma boshlig‘i Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining aksariyati O‘zbekistonga doimiy yashash yoki fuqarolikni olish maqsadida emas, vaqtincha yashash maqsadida kirib kelayotganini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, 2021 yil 9 oyi davomida IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining hududiy bo‘linmalari tomonidan 1646 nafar chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar turgan joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2022 yilning 9 oyi davomida 1821 nafar chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar doimiy ro‘yxatga olingan. Ularga chet el fuqarosi uchun mo‘ljallangan yashash guvohnomasi – ID-kartalar rasmiylashtirib berilgan.

Top