26-27 oktabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya uchinchi ta’lim forumida ikki davlat tomonidan 200 nafardan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ishlab chiqarish kompaniyalari vakillari, vazirlik va idoralar mas’ullari qatorida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rahbariyati ham ishtirok etdi.
Forumda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari bilan Rossiya ishlab chiqarish sektorlari o‘rtasida integratsiyani yo‘lga qo‘yish, muhandislik, energetika, kimyo sanoati sohalarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish va ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Forum yakunida 100 ga yaqin hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shu jumladan Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan Rossiyaning bir qator oliygohlari va tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida samarali muzokaralar olib borildi.

Forum doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev Sankt-Peterburg gubernatori o‘rinbosari Oleg Ergashev, boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv davomida ilmiy va davolash sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va hamkorlik memorandumini imzolash haqida kelishib olindi.

Shu kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti va I.Kant nomidagi Baltika federal universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi hamda “Tibbiyot sohasida sun’iy intellektni qo‘llashni rivojlantirish” va “Jigarning infeksion kasalliklarida tibbiyot texnologiyalarini shaxsiylashtirishni o‘rganishga yo‘naltirish” sohalarida kelishuv shartnomalari imzolandi.

Shuningdek, 28 oktyabr kuni Jasur Rizayev hamda B.B. Gorodovinkov nomidagi Qalmiq davlat universiteti (RF) rektori Badma Salayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
















