Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa Ittifoqi Putinning nutqini Oruell bilan taqqosladi
Aynan Rossiya Ukrainaga qarshi noqonuniy urush olib bormoqda, Ukraina tinch aholisiga qarshi vahshiyliklar va harbiy jinoyatlar ortida aynan Rossiya armiyasi turibdi, deya ta’kidladi Yevropa Ittifoqi.
Yevropa komissiyasi Vladimir Putinning 27 oktyabrdagi nutqini «Oruellcha» deb atadi. «Putin nutqida noto‘g‘ri gap to‘g‘ri, to‘g‘ri noto‘g‘ri, haqiqat yolg‘on, yolg‘on esa haqiqatdir», — dedi Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar xizmati matbuot kotibi Nabila Massrali 28 oktyabr, juma kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda.
Aynan Rossiya Ukrainaga qarshi noqonuniy, asossiz urush olib bormoqda, Ukrainaning tinch aholisi, ayollar va bolalarga nisbatan vahshiylik va urush jinoyatlari ortida aynan Rossiya qurolli kuchlari turibdi, dedi u. «Aynan Rossiya xalqaro huquq va BMT Nizomini qo‘pol ravishda buzyapti va uning agressiv harakatlari nafaqat Yevropada tinchlik va xavfsizlikka tahdid solyapti, balki butun dunyo uchun jiddiy oqibatlarga olib kelyapti», - dedi Massrali.
Putinning Kiyev «iflos bomba» yaratayotgani haqidagi da’volarini Yevropa komissiyasi vakili asossiz deb atadi. «Rossiya, avvalgidek, o‘z ayblovlarini hech qanday dalil bilan tasdiqlay olmadi», dedi u va Moskvaning Ukrainada biologik qurol ishlab chiqilishi haqidagi yolg‘on da’volarini 24 fevral kuni mamlakatga keng ko‘lamli harbiy bostirib kirishini oqlashga urinish sifatida baholadi.
«Agar Rossiya bo‘lmaganida bu urush bo‘lmasdi. Moskva butun Ukraina hududidan o‘zining barcha qo‘shinlari va harbiy texnikasini olib chiqib ketganida, bugun bu urushni tugatishi mumkin edi», deb xulosa qildi Nabila Massrali.
27 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Valday» muhokama klubi yig‘ilishida nutq so‘zladi. U, xususan, Rossiya yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qilmagani, faqat G‘arb yetakchilarining «yadroviy shantaji»ga javob berganini ta’kidladi. Putin, shuningdek, Ukraina go‘yoki «iflos bomba»dan foydalanishni rejalashtirayotganini va bunda Rossiyani ayblashi mumkinligini yana bir bor ta’kidladi. Bundan tashqari, Rossiya prezidenti, uning so‘zlariga ko‘ra, ma’lum «an’anaviy qadriyatlar»ga putur yetkazgan «g‘arbdagi raqiblar»ga nisbatan mavhum da’volarni ilgari surdi.