Jahon | 08:06 / 29.10.2022
9929
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 17 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ydi

Uch oy davomida muzlatilgan aktivlar hajmi deyarli bir yarim barobar oshdi. Ularning 2,2 milliard yevrosi Germaniya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Getty Images

Yevroittifoqda RFga qarshi sanksiyalarni amalga oshirish doirasida urush boshlanganidan beri Rossiyaning 17 milliard yevrodan ortiq aktivlari muzlatib qo‘yildi, deb xabar berdi Yevropa Ittifoqining adliya bo‘yicha komissari Dide Reynders Funke mediaguruhiga bergan intervyusida.

«Hozirgacha 90 kishining aktivlari muzlatilgan, 7 a’zo davlatda 17 milliard yevrodan ortiq, shu jumladan Germaniyada 2,2 milliard yevro», — dedi Reynders.

Iyul oyida Yevropa komissari YeI a’zolarining qariyb 13,8 milliard yevroga teng yaxtalar, ko‘chmas mulklar, hisobraqamlari va Rossiyaning boshqa aktivlarini muzlatib qo‘ygani haqida xabar bergan edi. Reynders ular qaysi mamlakatlar ekanini aytmadi, faqat aksariyati - 12 milliard yevrodan ortiq mablag‘ - atigi besh a’zo davlatga to‘g‘ri kelishiga e’tibor qaratdi. Hozirda mamlakatlar soni yettitaga yetdi, muzlatilgan aktivlar hajmi esa deyarli ikki baravar oshdi.

Umuman olganda, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri YeI RFga qarshi sakkizta sanksiyalar paketini kiritdi va hozir «yana nima qilish mumkinligini o‘rganmoqda», dedi Reynders.

Ukraina siyosatchilari muzlatilgan aktivlar urushdan keyin mamlakatni qayta tiklash uchun ishlatilishini bir necha bor talab qilgan. Reynders buni istisno etmadi. «Agar Yevropa Ittifoqi jinoiy pullarni musodara qilsa, u holda Ukraina uchun tovon jamg‘armasiga yuborilishi mumkin. Biroq, bu mablag‘ qayta qurishni moliyalashtirish uchun yetarli emas», - deya tushuntirdi u G‘arb sanksiyalari doirasida Rossiya Markaziy bankining valuta zaxiralaridan 300 milliard yevro muzlatilganini eslatib.

«Mening fikrimcha, bu 300 milliard yevro hech bo‘lmaganda Rossiya Ukrainani qayta tiklashda ixtiyoriy ishtirok etmaguncha kafolat sifatida saqlanishi mumkin», — dedi Reynders.

Mavzuga oid