Oleg Tinkov Rossiya fuqaroligidan voz kechdi
«Tinkoff bank»ning sobiq egasi Oleg Tinkov Rossiya fuqaroligidan voz kechdi. Bahorda ushbu tadbirkor Rossiyaning Ukrainaga bosqinini keskin qoralagan, keyinroq bankdagi o‘z ulushini sotishga majbur bo‘lgandi.
«Men Rossiya fuqaroligidan rasman voz kechdim», deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida. U instagramida 26 oktyabr kuni berilgan fuqarolikdan chiqish to‘g‘risidagi ma’lumotnoma suratini ham joylagan.
«Bu voqealarni ko‘rishni va Putin fashizmiga aloqador bo‘lishni istamayman. Sobiq vatandoshlarimning shunchaki tinch aholini o‘ldirayotganini, mulkini talon-toroj qilayotganini ko‘rishni istamayman. So‘nggi 3 yil davomida chekkan aziyatlardan keyin bu voqealarni unutishni istayman. Umid qilamanki, yanada ko‘proq tadbirkorlar biznes va fuqaroligidan voz kechib, fashizm uchun ishlashni bas qilishadi», deb yozgan ayni vaqtda Londonda istiqomat qilayotgan Tinkov.
Oleg Tinkov Rossiyaning «Tinkoff bank» kompaniyasi asoschisi va sobiq rahbari hisoblanadi.
2021 yilda Tinkov AQShda soliq jinoyatlarini sodir etishda ayblangan edi. Shundan so‘ng, AQSh sudi bilan kelishuvga erishib, yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya sifatida 506 mln dollar to‘lashga rozi bo‘ldi.
Oleg Tinkovda Kipr Respublikasi fuqaroligi ham bor.
Dushanba kuni boshqa bir bankir - Revolut fintex-startapi asoschisi Nikolay Storonskiy ham Rossiya pasportidan voz kechgani ma’lum bo‘ldi. Unda Buyuk Britaniya fuqaroligi ham bo‘lgan. Oktyabr oyida boshqa rossiyalik milliarderlar - DST Global fondi rahbari Yuriy Milner, Freedom Finance kompaniyasi rahbari Timur Turlov, «Troyka Dialog» kompaniyasining sobiq rahbari Ruben Vardanyan ham Rossiya fuqaroligidan namoyishkorona voz kechgan edi.
Urushga qarshi chiqishlar
28 fevral kuni, Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan to‘rt kun o‘tib Tinkov shunday yozgandi: «Hozir Ukrainada begunoh odamlar o‘lmoqda, har kuni, bu aqlga sig‘mas va yo‘l qo‘yib bo‘lmas ish! Davlat pulni urushga emas, odamlarni davolashga, saraton ustidan g‘alaba qozonish uchun tadqiqotlarga sarflashi kerak. Biz bu urushlarga qarshimiz!»
Aprel oyida u yanada keskinroq chiqish qiladi. O‘shanda u Rossiya armiyasining harbiy tayyorgarligi darajasiga keskin so‘zlar bilan baho bergandi. «Bu bema’ni urushni qo‘llayotgan biror kishini ko‘rmadim. Oddiy odamlar, askarlar o‘lmoqda. Generallar sarmastlikdan o‘ziga kelib qarasaki, armiyalari hech narsaga yaramaydi. Axir qolgan hamma soha rasvo bo‘lib yotganda, armiya qanday yaxshi bo‘lsin? Kremldagi amaldorlar nafaqat o‘zlari, hatto bolalari ham O‘rta Yer dengizida cho‘mila olmasligidan hayratda, tadbirkorlar oxirgi mulkini saqlab qolishga urinmoqda. Albatta, Z chizib olgan axmoqlar ham bor, lekin unutmangki, axmoqlar hamma yerda ko‘pi bilan 10 foizni tashkil qiladi. 90 foiz rossiyaliklar bu urushga qarshi», degandi bankir.
Shundan ikki haftaga yaqin vaqt o‘tganidan keyin Oleg Tinkov oilasi «Tinkoff» guruhining asosiy tuzilmasi bo‘lgan TCS Group Holding’ning 35 foiz aksiyasini Vladimir Potaninning «Interros» guruhiga sotgani ma’lum bo‘ldi. Kelishuv qiymati ochiqlanmadi, ammo Tinkov keyinroq bergan intervyularidan birida ulushini bozor narxidan ancha arzonroqqa sotganini aytib o‘tdi.
Keyinchalik, kompaniyaning yangi egalari rebrending o‘tkazib, «Tinkoff bank» nomini o‘zgartirmoqchi ekanini e’lon qilishdi.
Mavzuga oid
18:21 / 20.11.2024
AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV
16:13 / 20.11.2024
«Krokus»da terakt sodir etganlikda ayblanayotganlar yana 3 oy hibsda qoladi
12:07 / 20.11.2024
O‘zbekiston va Rossiya Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanmoqchi
21:03 / 19.11.2024