O‘zbekiston | 16:00 / 31.10.2022
3743
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasidan 2022 yil 1-yarim yillik uchun ijobiy auditorlik xulosasi olindi

Foto: O‘zbekneftgaz

Mamlakatimizning yoqilg‘i-energetika va gaz-kimyo sohasida yetakchi hisoblangan “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) qo‘llash yo‘nalishida navbatdagi yutuqqa erishildi. MHXS asosida 2022 yilning 1-yarim yilligi uchun tuzilgan oraliq konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotiga joriy yilning 28 oktyabrida “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasidan navbatdagi ijobiy auditorlik sharhi (xulosasi) olindi.

“O‘zbekneftgaz” AJning xodimlari tomonidan 2022 yilning 1-yarim yilligi uchun MHXS asosidagi konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tuzish ishlari joriy yilning iyun oyidan boshlangan edi. Jumladan, tizimga kiruvchi o‘ttizdan ortiq shu’ba korxonalari va o‘ndan ortiq qo‘shma korxonalarning tegishli mutaxassislari bilan videokonferens-aloqa vositasida MHXS asosida tuziladigan moliyaviy hisobot uchun kerakli bo‘lgan transformatsiya jadvallari, MHXS bo‘yicha izohlarni tuzish moliyaviy hisobotlar moddalari bo‘yicha yoyilma jadvallar va moliyaviy hisobot paketini tuzish proformalarni tayyorlash va to‘ldirish tartiblari muhokama qilindi.

Mazkur hisobotni tuzishda “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislariga joriy yilning mart oyidan boshlab jahon fond bozorlarida foiz stavkalarining keskin ko‘tarilib ketishi qiyinchilik tug‘dirdi. Foiz stavkalarining keskin ko‘tarilishi natijasida “O‘zbekneftgaz” AJning yirik investitsiya loyihalari bo‘yicha moliyalashtirilgan kapital quyilmalar, ya’ni tugallanmagan qurilish obektlari hamda foydalanishda bo‘lgan asosiy vositalarning haqqoniy qiymati hisobot sanasida, ya’ni 2022 yil 30 iyun holatida iqtisodiy jihatdan qardsizlanishi bo‘yicha test o‘tkazish bo‘ldi.

Dunyodagi nufuzli “KPMG” xalqaro baholovchi kompaniya xodimlari yordamida 2022 yil 30 iyun holatida “O‘zbekneftgaz” AJ va uning shu’ba korxonalari, jumladan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va yaqinda ishga tushirilgan “Uzbekistan GTL” MChJ loyihasi bo‘yicha asosiy vositalar va tugallanmagan qurilish obektlari haqqoniy qiymatining iqtisodiy qadrsizlanishi testi muvaffaqiyatli o‘tkazildi va “Ernst & Young” auditorlik kompaniyasi mutaxassislariga natijalari asoslab berildi.

Ma’lumki, “O‘zbekneftgaz” AJ 2021 yilning 11 noyabrida respublikamizda ilk marotaba London xalqaro fond birjasida uzoq muddatli korporativ obligatsiyalar (yevrobondlar)ni muvaffaqiyatli joylashtirishga erishgan edi. MHXS asosida 2021 yil 1-yarim yillik uchun tayyorlangan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni auditdan o‘tkazish chog‘ida, moliyaviy hisobotda aks ettirilgan ko‘rsatkichlar yevrobondlarni joylashtirish bo‘yicha Emissiya prospekti hamda boshqa xorijiy kreditorlar bilan tuzilgan shartnomalarda ko‘rsatilgan moliyaviy kovenantlarga mos kelishi chuqur tahlil qilindi hamda ushbu barcha moliyaviy kovenantlarga rioya etilganligi auditdan o‘tkazildi.

Har qanday xorijiy yirik investor, o‘z mablag‘larini konkret bir kompaniya qimmatbaho qog‘ozlarini sotib olishga yo‘naltirganda yoki uzoq muddatda kredit ko‘rinishida investitsiya qilgandan keyin albatta ushbu kompaniyaning moliyaviy holati, uning moliyaviy natijalari va uning pul oqimlari to‘g‘risidagi ishonchli va aniq ma’lumotga ega bo‘ladi. Ushbu ma’lumot manbai bo‘lib esa, o‘z navbatida MHXS asosida tayyorlangan va jahon miqyosidagi “katta to‘rtlik”ka kiruvchi auditorlik kompaniyasining ijobiy auditorlik xulosasiga ega bo‘lgan moliyaviy hisobot sanaladi.

MHXS asosida 2022 yilning 1-yarim yilligi uchun konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisoboti uchun “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan ijobiy auditorlik sharhi (xulosasi) mavjudligi “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan keyingi yutuqlarga erishish, shu jumladan xalqaro fond bozorlarida o‘z aksiyalarini birlamchi joylashtirishda (IPO jarayonida) va boshqa manbalardan xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim turtki bo‘lib xizmat qiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid