Jahon | 22:06 / 31.10.2022
9313
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi qisman safarbarlik yakunlanganini e’lon qildi

Rossiya Mudofaa vazirligi fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirish bilan bog‘liq qisman safarbarlik doirasidagi barcha tadbirlar yakunlanganini ma’lum qildi.

Foto: TASS

Qayd qilinishicha, endi chaqiruv qog‘ozlarini yetkazib berish to‘xtatiladi, harbiy qo‘mitalar avvalgidek ishlay boshlaydi. Qurolli Kuchlar safiga chaqiruv bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish bo‘limlarining keyingi ishi ko‘ngillilar va harbiy kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni qabul qilish yo‘li bilan tashkil etiladi. 

Qisman safarbarlikni yakunlash to‘g‘risidagi Rossiya prezidenti farmoni hozircha yo‘q. 

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu topshirig‘iga ko‘ra, Bosh shtab harbiy okruglar va Shimoliy flot qo‘mondonlariga 1 noyabrga qadar qisman safarbarlik tadbirlari yakunlangani haqida hisobot berish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborgan. Harbiy qo‘mitalarning qisman safarbar qilinishiga jalb etilgan barcha xodimlarga navbatdagi rejimda o‘z xizmat vazifalariga qaytishi buyurildi. 

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 28 oktabr kuni qisman safarbarlik yakunlangani haqida prezident Vladimir Putinga hisobot bergan edi. Shoygu so‘zlariga ko‘ra, 300 ming kishini chaqirish bo‘yicha «qo‘yilgan vazifa» bajarilgan. Ulardan 218 ming nafari poligonda o‘qitilmoqda, 82 ming nafari esa Ukrainadagi jangovar hududlarga jo‘natilgan. 

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, safarbarlik yakunlangani haqida prezident farmoni qabul qilinishi shart. Mudofaa vazirligi safarbarlik yakunlanganini ma’lum etishiga qaramay, prezidentning tegishli farmoni hozircha e’lon qilinmagan.

Mavzuga oid