Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina razvedkasi Putin kamida 3 nafar qiyofadoshidan foydalanayotganini aytdi, Kreml buni rad etdi
Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanov Rossiya prezidenti Vladimir Putin kamida 3 nafar qiyofadoshidan foydalanayotganini aytdi. Putin matbuot kotibi bu da’volarni safsata deb aytdi.
Ukraina harbiy razvedkasi boshlig‘i, general-mayor Kirill Budanov Rossiya prezidenti Vladimir Putin kamida 3 nafar qiyofadoshidan foydalanayotgani haqida Buyuk Britaniyaning Daily Mail nashriga intervyu berdi. Keyinchalik, uning so‘zlarini Ukraina harbiy razvedkasi telegram kanali ham keltirdi.
Budanovning aytishicha, Putin o‘tmishda «qanchalik yomon bo‘lmasin», «u ahmoq emas edi», lekin Rossiya tomonidan olib borilayotgan urush «hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi».
Budanov qo‘shimcha qiladi: «Muhim savol shundaki, haqiqiy Putin hali ham tirikmi?»
Ukraina razvedkasi rahbarining ta’kidlashicha, Putin o‘ziga o‘xshash bo‘lish uchun plastik jarrohlik amaliyotidan o‘tgan kamida uch nafar qiyofadoshidan foydalanadi.
Budanov so‘zlariga ko‘ra, ilgari Ukraina razvedkasi «o‘ta maxsus holatlarda» Putinning o‘rnini bosuvchi qiyofadoshlarni aniqlagan, ammo hozir bu «umumiy amaliyot»ga aylangan.
«Biz uning o‘rnini bosayotgan uch odam haqida aniq bilamiz, ammo qiyofadoshlarning barchasi qancha ekanini bilmaymiz», dedi u. «Ular bir xil ko‘rinish uchun plastik jarrohlik amaliyotini o‘tkazishgan».
«Ularni fosh qilayotgan yagona narsa – bo‘y-basti. Buni video va fotosuratda ko‘rish mumkin. Shuningdek, imo-ishoralar, tana harakati va quloq solinchaki, chunki ular har bir insonda o‘ziga xosdir», dedi u.
Budanov Putin kasallik tufaylimi yoki hokimiyat uchun kurashdan keyin g‘oyib bo‘lganmi degan savolga javob bermadi.
Ukraina razvedkasi rahbari Kirill Budanovning bunday so‘zlarini Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov safsata deb aytdi.
«Axir bunga qanday izoh berish mumkin? G‘irt bema’nilik!» - dedi Kreml vakili bu haqdagi savolga.
2020 yilda Putin TASS agentligiga bergan intervyusida 2000-yillar boshida davlat rahbari xavfsizligini ta’minlash uchun qiyofadoshni jalb qilish g‘oyasi paydo bo‘lganini, biroq o‘zi buni rad etganini aytgan edi.
2021 yilda Peskov Putin o‘zining qiyofadoshlari haqidagi taxminlarni bilishini va ularni tabassum bilan qabul qilishini aytgan edi.