Sport | 23:14 / 02.11.2022
26645
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar jahon chempionatini boy bermaslik uchun FIFA rasmiylariga 537 mln yevro sarflagan 

Qatar FIFA rasmiylari ortidan josuslik qilish uchun 391 million yevrodan 537 million yevrogacha mablag‘ sarflagan. 

Foto: Getty Images

SRF xabariga ko‘ra, bunday mablag‘ mamlakatni futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatini o‘tkazish huquqidan mahrum etilishining oldini olishga qaratilgan «maxfiy operatsiyalar»ga sarflangan. 

Ma’lum qilinishicha, operatsiyada kamida 66 nafar agent ishtirok etgan. FIFA rasmiylarini kuzatishga Qatar hukumati doiralariga mansub odamlar, jumladan, mamlakat amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy ham aloqador bo‘lgan. 

Manbaning qayd etishicha, FIFA jahon chempionatini boshqa davlatga ko‘chirishga qaror qilmasligi uchun Amerikaning Global Risk Advisors kompaniyasi yollangan bo‘lib, uning asosi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq agenti Kevin Chalker boshchiligidagi sobiq razvedka xodimlaridan iborat. 

2015 yilda Shveytsariya prokuraturasi Rossiya va Qatarga mos ravishda 2018 yilgi va 2022 yilgi jahon chempionati mezbonligi berilishi yuzasidan tekshiruvni boshlagan va yakunda FIFA tashkilotidagi korrupsiya masalasida jinoiy ish ochgan edi. Shundan so‘ng, FIFA rahbariyatidagi bir qancha yuqori lavozimli amaldorlar hibsga olindi. 

The Guardian xabariga ko‘ra, Qatarda jahon chempionati arenalarini barpo etish chog‘ida 6,5 mingga yaqin muhojir halok bo‘lgan. Huquqni himoya qilish tashkilotlari bayonotiga ko‘ra, qurilishda ishchilarning huquqlari poymol etilgan, shuningdek, ularning mehnat sharoiti ham og‘ir bo‘lgan. 

Mana shunday muammolar zamirida Qatarda o‘tkaziladigan jahon chempionatini boshqa davlatga ko‘chirish haqidagi ko‘plab chaqiriqlar yangragan edi. 

Qatar jahon chempioni mezbonligini korrupsiya orqali qo‘lga kiritgani, shuningdek, jahon chempionati arenalarini barpo etish chog‘ida ishchilarning huquqlari poymol etilgani haqidagi ayblovlarni inkor qilib kelmoqda. 

Qatardagi jahon chempionati 2022 yilning 20 noyabridan 18 dekabriga qadar bo‘lib o‘tadi. 

Mavzuga oid