Shayx Hamad ko‘pincha zamonaviy Qatarning asoschisi sifatida ta’riflanadi: amir bu kichik mamlakatni o‘z hududidan ancha katta siyosiy va moliyaviy ta’sirga ega, mustaqil davlatga aylantirishga yordam berdi.

Qatar davlatini 1995 yildan 2013 yilgacha boshqargan sobiq amir — Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy 12 iyul kuni 74 yoshida vafot etdi. Uning vafoti haqida xabar bergan Qirollik devoni o‘lim sababi ochiqlamadi. Amirlikda bayroqlar tushirildi va to‘rt kunlik rasmiy motam e’lon qilindi. Bugun qatarliklar «Ota amir» deya hurmat qiladigan Shayx Hamadning hayot yo‘li haqida hikoya qilamiz.

Harbiylikdan amirlikka

Qirollik devoni biografiyasiga ko‘ra, Shayx Hamad 1952 yilda Qatar poytaxti Dohada tug‘ilgan va o‘sha yerda voyaga yetgan.

U 1971 yilda Buyuk Britaniyadagi Sandxorst qirollik harbiy akademiyasini (Royal Military Academy Sandhurst) tamomlab, Qatar qurolli kuchlari safiga qo‘shildi. 1977 yil 31 mayda Shayx Hamad valiahd shahzoda va mudofaa vaziri etib tayinlandi. 1989 yilda esa Rejalashtirish oliy kengashi raisi lavozimiga tayinlanib, unga Qatarning ijtimoiy va iqtisodiy siyosatini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

O‘sha davrdagi tahlilchilar va diplomatlar Hamadning otasi – amaldagi amir Shayx Xalifani Saudiya Arabistoni kabi mintaqaviy kuchlarga yon bosuvchi shaxs sifatida tasvirlashgan. 1995 yilda Shayx Hamad otasi xorijda bo‘lgan vaqtda saroy to‘ntarishini amalga oshirib, hokimiyatni qo‘lga kiritdi.

2026-07-14 18.09.12

«Bo‘layotgan voqealardan xursand emasman, lekin buni qilish kerak edi va buni men qilishim shart edi», degandi o‘shanda Shayx Hamad televideniye orqali qilgan murojaatida.

New York Times'ning yozishicha, Hamadning hukmronligi Qatarni xalqaro maydonda ham kengroq tanitish va muhim sub’yektga aylantirishga qaratilgan ulkan intilishlar bilan ajralib turdi. Tez orada AQSh Qatarda yirik harbiy bazasini joylashtirdi, Shayx Hamad esa otasiga qaraganda Eron bilan yaqinroq aloqalarni yo‘lga qo‘ydi.