08:25 / 02.11.2022
6450

Shoygu: Safarbar etilganlarning 87 ming nafari frontga jo‘natildi

Rossiya mudofaa vazirining aytishicha, Ukrainadagi urushga safarbar qilingan 300 ming kishidan 87 ming nafari yuborilgan. Kremlga ko‘ra, safarbarlikni yakunlash uchun prezident farmoni talab qilinmaydi. Huquq himoyachilari qonundagi kamchiliklar haqida gapiryapti.

Foto: TASS

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning ma’lum qilishicha, 87 ming nafar rossiyalik harbiy xizmatchi Ukrainadagi jangovar hududlarga jo‘natilgan. Safarbarlik doirasida jami 300 ming kishi chaqirildi, dedi Mudofaa vazirligi rahbari 1 noyabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.

Unga ko‘ra, safarbar qilinganlarni tayyorlashga Ukrainadagi urushda qatnashgan uch ming instruktor jalb qilingan. «Tashkil etilgan bo‘linmalarni jangovar muvofiqlashtirish poligonlarda yakunlanmoqda. Asosiy kuchlar dala mashg‘ulotlariga, aloqa vositalaridan foydalanish qobiliyatiga, navigatsiya va razvedkaga qaratilgan», - dedi Shoygu vazirlikdagi yig‘ilishda.

Ayni paytda safarbarlik boshlanganidan keyin ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida chaqiriqdan bir necha kun o‘tib safarbar etilganlarning urushga jo‘natilgani, ular halok bo‘lgani haqida ko‘plab ma’lumotlar e’lon qilindi.

Avvalroq, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bir kun avval davlat rahbari Vladimir Putin e’lon qilgan safarbarlikni yakunlash uchun hech qanday farmon talab qilinmasligini aytdi. «Prezident huquqshunoslar, yuristlar bilan maslahatlashaman, dedi. Sizga shuni ma’lum qilamizki, hech qanday farmonga ehtiyoj yo‘q. Shunga ko‘ra, safarbarlikning oxiri belgilandi. Qisman safarbarlik yakunlandi. Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy komissarliklarga chaqiriq to‘g‘risidagi qog‘ozlarni yuborishni to‘xtatish va bundan keyin hech qanday chaqiriqqa jalb qilmaslik to‘g‘risida tegishli telegrammalar yuborildi», - dedi u.

«Agora» inson huquqlari tashkiloti rahbari Pavel Chikovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qonunchiligida harbiy holatdan farqli o‘laroq, safarbarlikni tugatish ko‘zda tutilmagan, joriy etish va bekor qilish bevosita prezident farmonlari bilan belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, Chikov qonunchilikdagi kamchiliklarga e’tibor qaratdi: masalan, prezidentning «qisman safarbarlik» to‘g‘risidagi farmonida u qaysi daqiqadan yoki voqeadan boshlab o‘z faoliyatini to‘xtatishi, shuningdek, chaqirilayotgan harbiy xizmatchilar soni ko‘rsatilmagan. «Rossiya Mudofaa vazirligi topshiriqni qisman yoki to‘liq bajarganmi yoki yo‘qmi - noma’lum, vazirning prezidentga hisoboti va Mudofaa vazirligining press-relizlari hech qanday tartibga soluvchi (majburiy) kuchga ega emas», deb ta’kidlaydi advokat.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top