Jahon | 15:21 / 05.11.2022
20003
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Rossiyaga dronlar yetkazib berganini tan oldi

Tehron Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanishidan oldin Moskvaga cheklangan miqdordagi uchuvchisiz uchoqlarni taqdim etgan, dedi Eron tashqi ishlar vaziri. Biroq diplomat urush boshlanganidan keyin Rossiyaga ular yetkazib berilgani va raketalar topshirilganini rad etdi.

Foto: Getty Images

Eron hukumati ilk bor Rossiyaga uchuvchisiz uchish apparatlari yetkazib berilganini ochiq tan oldi. Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyn Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi arafasida Tehron Moskvaga cheklangan miqdordagi uchuvchisiz uchoqlarni taqdim etganini aytdi, deb xabar bermoqda IRNA Eron davlat axborot agentligi 5 noyabr, shanba kuni. 

Shu bilan birga, Eron TIV rahbari urush boshlanganidan keyin uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berilgani, shuningdek, Rossiya tomoniga raketalar topshirilganini rad etdi. Bir qator OAV xabarlariga ko‘ra, Eron Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrimga rossiyaliklarni uchuvchisiz uchoqlar bilan ishlashga o‘rgatish va texnik yordam ko‘rsatish uchun harbiylarini yuborgan. 

Bir necha kun avval Eron Tashqi ishlar vazirligi rahbari Rossiyaning Ukraina bilan urushda Eron dronlaridan foydalangani haqidagi iddaolarni muhokama qilish uchun ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan edi. 

Ukraina harbiy qo‘mondonligi va rasmiylari avvalroq Eronning bir necha yuzlab Shahed 136 kamikadze-dronlarini urib tushirganini ma’lum qilgandi. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya dronlardan «Geran-2» nomi ostida foydalanmoqda. 

Avvalroq G7 davlatlari tashqi ishlar vazirlari Germaniyaning Myunster shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda Eronni boshqa davlatlar va nodavlat tashkilotlarga uchuvchisiz uchish apparatlarini (harbiy dronlarni) yetkazib berishda ayblagandi. 

G7 davlatlari tashqi ishlar vazirlari bayonotida Eronning Yaqin Sharq va uning atrofidagi vaziyatni beqarorlashtirish harakatlari qoralangan.  

Unda Tehronning ballistik va qanotli raketalar, shuningdek, dronlar bilan bog‘liq harakatlari qayd etilgan. Eron harbiy dronlarni boshqa davlatlarga yetkazib berishda ayblangan. 

Mavzuga oid