Jahon | 08:58
3748
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronga qarshi urushni qayta boshladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hududida harbiy amaliyotlar qayta boshlangani haqida Kongressni rasman xabardor qildi. Uning ma’lum qilishicha, 7 iyul kuni AQSh qo‘shinlari Erondagi bir qator nishonlarga «mudofaa maqsadida» zarbalar bergan. Bu qaror prezident vakolatlari bo‘yicha Oq uy va Kongress o‘rtasidagi bahslarni yanada kuchaytirdi.

Foto: REUTERS

The New York Times nashrining yozishicha, Donald Tramp 10 iyul kuni Kongress rahbarlariga rasmiy maktub yo‘llab, 7 iyul kuni AQSh harbiylari Eron hududidagi bir qator nishonlarga mudofaa xususiyatiga ega zarbalar berganini ma’lum qilgan. Maktub 13 iyul kuni ommaga ma’lum bo‘ldi.

Nashr ta’kidlashicha, mazkur qaror AQSh prezidentining harbiy kuch ishlatish bo‘yicha konstitutsiyaviy vakolatlari yuzasidan Oq uy va Kongress o‘rtasidagi qarama-qarshilikni yana avj oldirdi. Ilgari Kongressning har ikki palatasi prezidentdan yo harbiy harakatlarni to‘xtatish, yoki ularni davom ettirish uchun qonun chiqaruvchilarning rasmiy roziligini olishni talab qiluvchi qarorlarni ma’qullagan edi. Oq uy esa Tramp Qurolli kuchlar Oliy qo‘mondoni sifatida o‘z konstitutsiyaviy vakolatlari doirasida harakat qilayotganini ta’kidlab kelmoqda.

Eronga qarshi yangi zarbalar

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qilishicha, 13 iyul kuni Vashington vaqti bilan soat 16:45 da prezident buyrug‘iga ko‘ra Eronga qarshi uchinchi kechki harbiy operatsiya boshlangan. Qo‘mondonlik bayonotida aytilishicha, mazkur zarbalar Eron qurolli kuchlariga sezilarli zarar yetkazish va ularning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi fuqarolik kemalari hamda tinch aholiga tahdid solish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan.

CENTCOM shuningdek, 14 iyul kechqurundan boshlab Eronga nisbatan dengiz blokadasi yana tiklanishini ma’lum qildi. AQSh harbiy-dengiz kuchlari Eron portlari yoki sohil hududlariga yo‘l olayotgan yoki u yerdan chiqib ketayotgan kemalar ustidan nazorat o‘rnatadi. Shu bilan birga, blokada talablarini buzmaydigan xalqaro kemalar uchun mintaqaviy suvlarda erkin harakatlanish imkoniyati saqlanib qolishi ta’kidlandi.

Ilk bor dengiz dronlari qo‘llandi

Markaziy qo‘mondonlik ma’lumotiga ko‘ra, 12 iyul kuni Bandar-Abbos shahridagi Eron harbiy-dengiz bazasiga qilingan hujumda ilk bor hujumkor maqsadlarda uchta uchuvchisiz dengiz droni ishlatilgan. Bu AQSh armiyasi tarixida dengiz dronlari qo‘llangan birinchi hujum operatsiyasi sifatida qayd etildi.

Eron ham javob qaytardi

Eron davlat teleradiokompaniyasi IRIB xabariga ko‘ra, mamlakat qurolli kuchlari uchuvchisiz uchish apparatlari orqali Kuvaytda joylashgan AQSh harbiy bazalariga zarba bergan.

Buzilgan kelishuv

17 iyun kuni AQSh va Eron o‘rtasida jangovar harakatlarni to‘xtatish hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokadani bekor qilishni nazarda tutuvchi hadli kelishuv imzolangan edi. Biroq 25 iyun kuni Eronga mansub dron-kamikadze Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan fuqarolik tankeriga hujum qildi. Shundan so‘ng AQSh Eron hududiga bir necha marta havo zarbalari berdi.

8 iyul kuni NATO sammitida so‘zga chiqqan Donald Tramp Eron bilan imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi endi amal qilmasligini bildirdi. U Tehron bilan shaxsan muzokaralar olib bormasligini, biroq amerikalik muzokarachilarga istasa muloqotni davom ettirishga ruxsat berishini aytdi. Shuningdek, AQSh Eronga qarshi neft sohasiga oid sanksiyalarni ham qayta tikladi.

Reuters agentligining xabar berishicha, 11 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yopiq muzokaralarda eronlik rasmiylar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi yangi hujumlar uchun javobgarlikni «nazoratdan chiqqan ayrim tuzilmalar» zimmasiga yuklagan. Vashingtondagi manbaning agentlikka ma’lum qilishicha, eronlik vakillar: «Biz xatoga yo‘l qo‘ydik. Endi muzokaralarni davom ettiraylik», degan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid