16:37 / 07.11.2022
5196

«Energoatom» ZAES uchun Kaxovska GES to‘g‘oni portlatilishi xavfini tahlil qilyapti

Ukrainaning «Energoatom» shirkati Kaxovska GES to‘g‘onining ehtimoliy portlatilishi Zaporijjya atom elektr stansiyasi xavfsizligiga qanday ta’sir etishini tahlil qilyapti. 

Foto: AP

«Kaxovska suv ombori to‘g‘oni, Kaxovska GES shlyuzlari (suv sathi turli bo‘lgan bir joydan ikkinchi joyga kemalarni o‘tkazish uchun xizmat qiluvchi gidrotexnik inshoot) va ustunlari minalashtirib qo‘yilgani hamda shunga mos ravishda ushbu inshootlar buzilishi xavfi yuqori bo‘lgani haqidagi ma’lumotni hisobga olgan holda, «NAEC «Energoatom» Yadroviy tartibga solish agentligi talabiga binoan zudlik bilan bunday buzilish Zaporijjya atom elektr stansiyasining ishlashi xavfsizligiga qanday oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini tahlil qilyapti», deb ma’lumot berdi davlat korxonasi. 

Matbuot xizmatida ta’kidlanganidek, Kaxovska GESning portlatilishi Kaxovska suv omboridagi suv sathining ortga qaytarilmas darajada pasayishiga olib kelishi mumkin, u esa ZAES uchun sovitish suvi sifatida ishlatiladi.

Bundan oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z videomurojaatida Rossiya harbiylari Kaxovska GES agregatlari va to‘g‘onini minalab qo‘yganini ma’lum qilgandi. 

Agar GES yo‘q qilinsa, bu ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llash bilan barobar bo‘ladi, deya ta’kidlab o‘tdi u.

«To‘g‘onning portlatilishi keng ko‘lamli falokatni anglatadi. Bunday terakt bilan Rossiya hatto Dnipro suvini Qrimga yetkazib berish imkoniyatini ham yo‘q qilishi mumkin. Kaxovska GES to‘g‘oni buzilsa, unda Shimoliy Qrim kanali ham shunchaki yo‘q bo‘lib ketadi», — dedi Zelenskiy. 

Ukraina prezidenti jahon hamjamiyatini Rossiyaning yangi teraktining oldini olishga chaqirdi.

Top