19:30 / 07.11.2022
12228

WSJ: Baydenning maslahatchisi Putinning atrofidagilar bilan muzokaralar olib borgan

Avvalroq Washington Post ham Oq uy Ukraina hukumatidan RF bilan muzokaralarga tayyorligini rasman bildirishni so‘rayotganini xabar qilgandi.

Foto: The Wall Street Journal

So‘nggi oylarda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov hamda RF Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan maxfiy muzokaralar olib borgan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri AQSh va uning ittifoqchilaridagi rasmiy manbalarga tayanib xabar bermoqda.

Gazeta suhbatdoshlarining fikricha, bu kontaktlardan maqsad Ukrainadagi urushni to‘xtatish emas, balki eskalatsiyaning oldini olish va aloqa kanallarini saqlab qolish bo‘lgan. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, bu suhbatlar Moskvani yadro quroli yoki boshqa ommaviy qirg‘in qurollarini qo‘llashdan tiyish uchun ham o‘tkazilgan

The Wall Street Journal manbalari Sallivan Ushakov va Patrushev bilan qachon va qanchalik tez-tez aloqada bo‘lib turganiga aniqlik kiritishmagan.

Bundan tashqari, nashr ma’lumotiga ko‘ra, Sallivan Ukraina rahbariyatini mojaro hal etilishiga tayyorligini oshkora e’lon qilishga chaqirgan.

Nashrga ko‘ra, bir qancha amerikalik mulozimlar AQSh prezidenti ma’muriyatida Sallivanni Rossiya bilan aloqalarni qo‘llab-quvvatlash tarafdori sifatida bilishadi, holbuki boshqa yuqori martabali siyosatchilar hozirgi diplomatik va harbiy sharoitlarda Moskva bilan muzokaralar samarali bo‘lmaydi deb hisoblashadi.

Avvalroq The Washington Post nashri ham Amerika prezidenti ma’muriyati Ukraina hukumatidan Rossiya bilan muzokaralarga tayyorligini namoyish etishni so‘ragani haqida xabar bergandi.

Xabarda AQSh Ukrainadan RFning Vladimir Putindan keyingi prezidenti bilangina gaplashishi mumkinligi haqidagi rasmiy pozitsiyasidan voz kechishni so‘ragan.

Sallivanning matbuot kotibi gazeta ma’lumotini izohlamagan. Oq uy ham prezident maslahatchisi so‘nggi vaqtlarda rossiyalik rasmiy shaxslar bilan muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar bermagan. Kremldagilar bu boradagi so‘rovga javob bermagan.

  • Norasmiy muzokaralar Moskva va Vashington o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar sovuqlashishi, shuningdek RF prezidenti Vladimir Putinning yadro quroli qo‘lash bo‘yicha doimiy tahdidlari fonida bo‘lib o‘tmoqda.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top