Jahon | 16:34 / 08.11.2022
17207
3 daqiqa o‘qiladi

«Biz aralashganmiz, aralashyapmiz va aralashamiz» - Prigojin AQSh saylovlari haqida

Foto: AP

«Biz Amerika saylovlariga aralashganmiz, aralashyapmiz va aralashamiz», dedi «Putinning oshpazi»ga qarashli matbuot xizmati Russia News portali tahririyati so‘roviga javoban.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin tadbirkor va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) asoschisi Yevgeniy Prigojin AQShdagi saylovlarga aralashganini rasman tan oldi. «Biz aralashganmiz, aralashyapmiz va aralashamiz. To‘g‘ri, aniq, jarrohlik yo‘li bilan va o‘zimiz bilganimizdek. Aniq operatsiyalarimiz davomida bir vaqtning o‘zida ikkala buyrakni ham, jigarni ham olib tashlaymiz», deyiladi uning «Konkord» kompaniyasi matbuot xizmati tomonidan  7 noyabr, dushanba kuni e’lon qilingan xabarda. 

Shu tariqa, mustaqil ommaviy axborot vositalarida tez-tez «Putinning oshpazi» deb ataladigan tadbirkor Russia News portalining Rossiya 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSh Kongressi saylovlariga aralashish niyatida ekani va bu Yevgeniy Prigojinning o‘zi bilan bog‘liqligi haqidagi ma’lumotlar yuzasidan so‘roviga javob berdi. Shu bilan birga, Prigojin uning javobida «ma’lum bir noaniqlik» bo‘lishidan ogohlantirdi.

AQSh rasmiylari Rossiyani 2016 yilda bo‘lib o‘tgan AQSh prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazishga urinishda bir necha bor ayblagan. 2019 yil bahorida AQShning maxsus prokurori Robert Myuller tomonidan Rossiyaning saylovlarga aralashuvi bo‘yicha tergov yakunlandi. Maxsus prokuror Rossiya vakillarining saylovoldi poygasiga aralashishga urinishlarini fosh qildi, biroq ovoz berishdan keyin davlat rahbari bo‘lgan Donald Trampning saylovoldi shtabi Rossiya rasmiylari bilan til biriktirganini isbotlay olmadi. 

2020 yilgi saylovlardan so‘ng Amerika tomoni yana Rossiyani Tramp foydasiga ovoz berish natijasiga ta’sir o‘tkazishga uringanlikda aybladi. Moskva hozircha saylovga aralashish haqidagi har qanday ayblovlarni rad etib, ularni asossiz deb atayotgandi. 

Mavzuga oid