Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada armiya haqidagi «feyklar» bo‘yicha ikkinchi jinoiy ish tugatildi
Maktab o‘quvchisi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyakning Zaporijjya atom elektr stansiyasini egallab olish chog‘ida rus qo‘shinlari tinch aholiga qarata o‘q uzgani haqidagi bayonotini qayta joylashtirgani uchun ta’qibga uchragan.
Novosibirsk markaziy tuman sudi o‘n birinchi sinf o‘quvchisi Yevgeniy Fokinga nisbatan qo‘zg‘atilgan Rossiya qo‘shinlarining harakatlariga oid «qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatish» bo‘yicha jinoiy ishni tugatdi. Sud saytida 7 noyabr, dushanba kuni xabar qilinganidek, ish tergovchi iltimosiga ko‘ra tugatilgan, Fokinga esa, uning iltimosiga ko‘ra, «tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishga majburlash» chorasi tayinlangan. "Setevyye svobody" loyihasining yozishicha, o‘smir 7 dekabrgacha ota-ona nazorati ostida bo‘lishi shart.
Yevgeniy Fokinga nisbatan jinoiy ish aprel oyida shahar Telegram chatlaridan biridagi xabari tufayli qo‘zg‘atilgan edi. Maktab o‘quvchisi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyakning Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya atom elektr stansiyasini egallab olish vaqtida tinch aholiga qarata o‘q uzgani haqidagi bayonotini qayta joylashtirgan. Tergov Fokin «feyklar» tarqatganini da’vo qildi, ammo o‘smir advokatining lingvistik ekspertiza natijalari haqidagi bayonotiga ko‘ra, u faqat bayonotning o‘zini muhokama qilishga chaqirgan va uning haqiqiyligini tasdiqlamagan.
Yevgeniy Fokin Rossiya Jinoyat kodeksining 207.3-moddasi bo‘yicha jinoiy ish tugatilgan ikkinchi ayblanuvchi bo‘ldi. U 2022 yil 4 martda Rossiya qonunchiligiga kiritilgan hamda Rossiya qo‘shinlari va davlat idoralarining harakatlari haqidagi «yolg‘on ma’lumotlar» tarqalishiga qarshi kurashga qaratilgan. Oktabr oyi o‘rtalariga kelib, u bo‘yicha kamida 194 jinoiy ish ochilgan. Umuman olganda, joriy yil boshidan beri Rossiya sudlari norozilik namoyishlari va urushga qarshi bayonotlar tufayli rossiyaliklarga qarshi 19 mingdan ortiq ishni ko‘rib chiqdi.
Birinchi marta ushbu modda bo‘yicha ayblov oktabr oyi oxirida to‘xtatildi - ayblanuvchi ijtimoiy tarmoqlarda rus qo‘shinlari tomonidan Buchada sodir etilgan harbiy jinoyatlar haqidagi posti Rossiya Mudofaa vazirligi bu masala bo‘yicha rasmiy izoh berishi hamda unda ayblovlarni rad etishidan oldin e’lon qilinganini isbotlashga muvaffaq bo‘ldi.
Rossiya armiyasi haqidagi «feyklar» haqidagi eng shov-shuvli hukmlardan biri Moskvaning Krasnoselskiy tumani munitsipal deputati Aleksey Gorinov ishi bo‘yicha sud qarori bo‘ldi. Sud uni deputatlar kengashi yig‘ilishida siyosatchining urushga qarshi aytgan so‘zlari uchun yetti yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Rossiyalik huquq himoyachilarining qayd etishicha, «feyklar» haqidagi modda paydo bo‘lgan paytdanoq ham muxolifatchilarga qarshi repressiv mexanizm sifatida foydalanilgan. Shunday qilib, «feyk»larning tarqalishi o‘sha paytda davlatga xiyonatda ayblangan siyosatchi Vladimir Kara-Murzaning hibsga olinishiga rasmiy sabablaridan biri bo‘ldi.
Bir qator siyosatchilar va faollar «feyklar» to‘g‘risidagi modda bo‘yicha ta’qiblar tufayli Rossiyani tark etishdi. Ayni paytda, Rossiya Tergov qo‘mitasi Rossiyadan tashqarida bo‘lganlarga nisbatan feyklarni tarqatish bo‘yicha ishlarni ochmoqda. So‘nggi ana shunday holatlardan biri "Mediazona" asoschisi Pyotr Verzilovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘lib, u ijtimoiy tarmoqlardagi postlari tufayli Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan. Bundan tashqari, iyul oyidan beri Rossiya tergovi siyosatchi Ilya Yashinni hibsda ushlab turibdi, u «feyklar tarqatish» uchun o‘n yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Mavzuga oid
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
21:06 / 25.05.2026
Putin rossiyaliklar himoyasi uchun xorijda armiyadan foydalanishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi
08:03 / 16.05.2026
Dunyodagi eng katta armiyalar: yetakchi davlatlar ma’lum bo‘ldi
17:56 / 07.05.2026