23:26 / 09.11.2022
11173

Alisher Usmonov Shveytsariya bankida o‘zi bilan bog‘liq tintuv o‘tkazilgani haqidagi xabarga javob berdi

Milliarder Alisher Usmonov UBS bankida o‘zi bilan bog‘liq tintuv o‘tkazilgani haqida hech qanday rasmiy xabar olmagan, dedi uning matbuot kotibi.

Foto: TASS

Avvalroq, Shveytsariya banki ofisida olib borilayotgan tergov harakatlari Usmonovga tegishli 2 million yevrodan ortiq qiymatdagi shubhali operatsiyalar bilan bog‘liqligi haqida xabar berilgan edi.

Milliarder Alisher Usmonov Shveytsariyaning UBS banki ofisida o‘zi bilan bog‘liq tergov harakatlari o‘tkazilayotgani haqida xabar olmagan. Bu haqda Usmonov matbuot xizmati bayonotida aytiladi. 

«Bir qator ommaviy axborot vositalarida Alisher Usmonovga nisbatan jinoiy daromadlarni legallashtirishda gumon qilinish yuzasidan UBS bankida tergov harakatlari olib borilayotgani haqidagi ma’lumotlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz. Alisher Usmonov va uning vakillari bu borada hech qanday rasmiy xabar olmagan va tergov harakatlariga izoh bera olmaydi», — deyiladi bayonotda. 

Avvalroq, Germaniyaning Spiegel jurnali Shveytsariyaning UBS banki Germaniyadagi ofisida pul yuvish holatlari bo‘yicha tintuv o‘tkazilgani haqida xabar berdi. UBS o‘z filialida tintuv o‘tkazilganini tasdiqladi, biroq tergov harakatlarining sababini aytmadi. Germaniya prokuraturasi faqat ma’lum bir rossiyalik «oligarxga» nisbatan tergov olib borilayotganini ma’lum qildi, biroq, uning ismini oshkor qilmadi. 

Spiegel yozganidek, nemis politsiyasi Usmonovga aloqadorligi taxmin qilinayotgan shubhali tranzaksiyalar haqida xabar olgan. Nashrning ta’kidlashicha, tergovchilarni 2018 yildan 2020 yilgacha hisobvaraqlar bo‘yicha 2 million yevrodan ortiq summadagi shubhali operatsiyalar qiziqtirgan. Nemis nashri o‘z ma’lumotlarining manbasiga aniqlik kiritmagan. 

Milliarderning matbuot xizmati uning noqonuniy faoliyati yoki pul yuvish haqidagi taxminlarga «hech qanday asos» yo‘qligini aytdi. 

«Janob Usmonov vakolatli organlarga 2000-yillarning o‘rtalaridan buyon o‘zining daromadlari va xarajatlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni oshkor qilgan va bu ma’lumotlar «Katta to‘rtlik» xalqaro auditorlari tomonidan tasdiqlangan. Uning pullari kelib chiqishi mutlaqo shaffof», dedi tadbirkor vakili. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Usmonov 2014 yildan beri soliqlarni «asosiy investitsiyalari joylashgan hududda», ya’ni Rossiyada to‘lab kelgan, bu esa «Germaniyada daromad solig‘ini qayta to‘lash zaruriyatini bartaraf etgan». 

Tadbirkor Germaniyaga «birinchi navbatda zarurat tufayli, tibbiy sabablarga ko‘ra, reabilitatsiya va dam olish maqsadida borgan», deyiladi xabarda. Usmonov pullarining shubhali kelib chiqishi haqidagi taxminlar «yolg‘on va milliarderning obro‘siga putur yetkazuvchi» deb atalgan. 

Top