07:31 / 09.11.2022
12522

OAV: Rossiya Eronga dronlar uchun g‘arb qurollari namunalarini bergan

Ukrainaning muhim infratuzilmasiga hujum qilishda rus qo‘shinlari tomonidan foydalanilgan kamikadze dronlari uchun Rossiya Eronga nafaqat 140 million yevro naqd pul to‘lagan, balki urushda qo‘lga olingan g‘arb qurollarining bir nechta namunalarini ham topshirgan. 

Foto: Getty Images

Bu haqda Britaniyaning Sky News telekanaliga anonimlik sharti bilan «xavfsizlik sohasidagi manba» ma’lum qildi

Sky News xabariga ko‘ra, Rossiya Eronga Britaniyaning NLAW tankka qarshi raketasini, Amerikaning tankka qarshi Javelin raketasini va Stinger zenit raketasini topshirgan.

Telekanalda mavjud tasvirlarda 2022 yil 20 avgust kuni Tehronda Rossiyaning ikkita Il-76 samolyoti aks etgan. Aynan ular pul va g‘arb qurollari namunalarini yetkazib bergani aytiladi. 

Bunga javoban Eron 160 ta kamikadze dronlarini - 100 ta Shahed-136 va 60 ta Shahed-131'ni, shuningdek, o‘q-dorilarni tashlab yuborishga qodir bo‘lgan oltita Mohajer-6 UUAlarni topshirdi. 

Bundan tashqari, Eron va Rossiya 200 million yevrolik dronlarni kelgusida yetkazib berish bo‘yicha kelishib oldi.

Avvalroq Eron hukumati ilk bor Rossiyaga uchuvchisiz uchish apparatlari yetkazib berilganini ochiq tan olgandi. Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyn Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi arafasida Tehron Moskvaga cheklangan miqdordagi uchuvchisiz uchoqlarni taqdim etganini aytdi. 

Shu bilan birga, Eron TIV rahbari urush boshlanganidan keyin uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berilgani, shuningdek, Rossiya tomoniga raketalar topshirilganini rad etdi. Bir qator OAV xabarlariga ko‘ra, Eron Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrimga rossiyaliklarni uchuvchisiz uchoqlar bilan ishlashga o‘rgatish va texnik yordam ko‘rsatish uchun harbiylarini yuborgan. 

Bir necha kun avval Eron Tashqi ishlar vazirligi rahbari Rossiyaning Ukraina bilan urushda Eron dronlaridan foydalangani haqidagi iddaolarni muhokama qilish uchun ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan edi. 

Ukraina harbiy qo‘mondonligi va rasmiylari avvalroq Eronning bir necha yuzlab Shahed 136 kamikadze-dronlarini urib tushirganini ma’lum qilgandi. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya dronlardan «Geran-2» nomi ostida foydalanmoqda. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top