Jahon | 08:29 / 09.11.2022
11169
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadan neft yetkazib berish sanksiyalar arafasida eng yuqori cho‘qqiga chiqdi

Rossiyadan neft yetkazib berish hajmi kuniga 3,6 million barrelgacha oshdi. Bloomberg xabariga ko‘ra, ko‘plab kemalar yakuniy manzilini oshkor qilmasdan portlarni tark etyapti.

Foto: Bloomberg

O‘tgan haftada Rossiyadan xom neft yetkazib berish oxirgi besh oyning maksimal ko‘rsatkichiga yetdi. 8 noyabr, seshanba kuni Bloomberg xabariga ko‘ra, Boltiqbo‘yi va Arktika portlarini tark etayotgan kemalarning YeI sanksiyalari kuchga kirgunga qadar asosiy manzillarga yetib borishga biroz vaqti bor.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyadan yuk tashish hajmi kuniga 3,6 million barrelgacha ko‘tarilgan — bu iyun oyi boshidan buyon maksimal ko‘rsatkichdir. Eng katta o‘sish yakuniy manzil ko‘rsatilmagan mijozlarga yetkazib berishdan tushgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ko‘plab kemalar Port Said yoki Suvaysh kanalini o‘z manzili deb e’lon qilib, Rossiya portlarini tark etmoqda. Bloomberg ular Hindistonga ketayotganini taxmin qildi.

Murmanskdagi terminaldan neftni jo‘natish jarayonida hajmlarning sezilarli o‘sishi kuzatilmoqda. Bu kemalar Arktikadagi o‘z manzillariga yetib borishi uchun Boltiqbo‘yi yoki Qora dengizdagi terminallardan neft yetib kelishidan ko‘ra ko‘proq vaqt ketadi.

Rossiyadan Yevropa mamlakatlariga xom neftning dengiz eksporti oxirgi olti hafta ichida maksimal darajaga yetdi va 4 noyabr holatiga ko‘ra kuniga 762 ming barrelni tashkil etdi. Ushbu ma’lumotlar Turkiyaga yetkazib berishni o‘z ichiga olmaydi.

Yevropa Ittifoqining oltinchi sanksiyalar to‘plamida nazarda tutilgan neftni dengiz orqali tashishga qo‘yilgan embargo 5 dekabrdan kuchga kiradi. U bilan Rossiya nefti narxining yuqori chegarasini belgilash rejalashtirilmoqda. Yangi cheklov 2022 yil dekabridan boshlab Rossiya neftini, 2023 yil fevralidan esa Rossiya neft mahsulotlarini uchinchi davlatlarga tashishni taqiqlashni nazarda tutadi. Rossiyadan neft bilan bog‘liq moliyaviy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish taqiqlanadi.

O‘tgan haftalarda AQSh va «Yettilik guruhi»ning boshqa vakillari narxlar yuqori chegarasini joriy etish bo‘yicha qizg‘in muzokaralar olib borishdi. 4 noyabr, juma kuni Reuters agentligi manbasiga tayanib, G7 davlatlari va Avstraliya Rossiya neftiga qat’iy narx belgilashga kelishib olganini xabar qildi. U noyabr oyida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid