09:24 / 09.11.2022
8270

Shvetsiya Turkiyaning talablari tufayli o‘z konstitutsiyasini o‘zgartirishga tayyor

Shvetsiyaning yangi bosh vaziri Kristersson Erdo‘g‘an bilan Anqarada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘z hukumati «terrorizm va RKK kabi terroristik tashkilotlariga qarshi» kurash olib borishiga va’da berdi.

Foto: AP

Shvetsiya konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish orqali terrorizmga qarshi qonunchiligini kuchaytirmoqchi, bu Skandinaviya qirolligining NATOga kirishi shartlari bo‘yicha bahsda Turkiyaga yon bosishi bo‘ladi. Shvetsiya parlamentining 9 noyabr, seshanba kuni tushuntirishicha, tegishli o‘zgarishlar «terrorizmga aloqador guruhlarning yig‘ilish erkinligini cheklash» imkonini beradi.

Bu masala bo‘yicha ovoz berish 16 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Agar Riksdag deputatlari zarur tuzatishlarni qo‘llab-quvvatlasa, iyul oyidan buyon hozirgi ko‘rinishida amalda bo‘lgan terrorizmga qarshi kurash qonunchiligining qat’iylashtirilgan tahriri 2023 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Mutaxassislarning tushuntirishicha, Shvetsiyada Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) a’zolariga nisbatan ish ochish osonroq bo‘ladi.

Shvetsiya terrorizmga qarshi qonunchiligini o‘zgartirish orqali Anqaraning asosiy talablaridan birini va Turkiya Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasini qo‘llab-quvvatlash qarorini qabul qilish shartlarini bajaradi. Avvalroq Turkiya qirollikni «terrorchilar boshpanasi» deb atagan edi.

Shvetsiyaning yangi bosh vaziri Ulf Kristersson 8 noyabr kuni Turkiyaga tashrifi chog‘ida mamlakati jinoyat va terrorizmga qarshi yanada qat’iyroq kurash olib borish niyatida ekanini ta’kidladi.

«Bir necha hafta oldin mening hukumatim qonun va tartib ustuvorligini ta’minlash mandati bilan saylangan edi. Bunga terrorizm va RKK kabi terroristik tashkilotlarga qarshi kurash kiradi», dedi Kristersson Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida. «Shuning uchun men barcha turklarni ishontirib aytmoqchiman: Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lishdan oldin ham, kelajakda ittifoqchi rolida ham terrorchilik tahdidlaridan himoya qilish bo‘yicha Turkiya oldidagi barcha majburiyatlarini bajaradi», dedi u.

Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishini «samimiylik bilan» istashini, ammo Stokholmning xavfsizlik muammolarini tushungan holda Anqara xavfsizlik bilan bog‘liq muammolariga munosib javob berilishiga umid qilishini aytdi.

Erdo‘g‘an, shuningdek, Shvetsiya bosh vaziri bilan navbatdagi uchrashuvi noyabr oyining oxiriga rejalashtirilganini aytdi. U Stokholmda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top