Jahon | 23:24 / 09.11.2022
11144
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiyaning Xersonni tark etish haqidagi bayonotlariga ishonmaydi 

Ukraina prezidenti devoni Rossiya Xersonni jangsiz tark etayotganini ko‘rmayotganini ma’lum qildi. 

Foto: UNIAN

Prezident ma’muriyati rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Rossiya qo‘shinlarining katta guruhi hamon shaharda qolayotganini yozdi. 

Bundan tashqari, mintaqaga Rossiya armiyasining qo‘shimcha zaxiralari yetib kelmoqda. Podolyak so‘zlariga ko‘ra, Ukraina balandparvoz bayonotlarga emas, balki o‘z razvedkasiga ishonadi. 

«Harakatlar so‘zlardan yaxshiroq gapirmoqda. Ukraina Rossiya Xersonni jangsiz tark etayotgani belgilarini ko‘rmayapti. Rossiya qo‘shinlarining katta guruhi shaharda qolmoqda, mintaqaga qo‘shimcha zaxiralar jalb qilinmoqda. Ukraina o‘z razvedkasi ma’lumotlari asosida hududlarni ozod qilmoqda, uyushtirilgan TV bayonotlari asosida emas», deb yozdi u. 

Xerson viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Yaroslav Yanushevich aholini Ukraina Qurolli kuchlari harakatlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslikka chaqirdi. 

«Xerson viloyati aholisiga va janubiy jabhadagi voqealar haqida har qanday ma’lumotga ega bo‘lgan odamlarga murojaat qilaman - axborot sukunatiga rioya qiling. Bu bizning umumiy g‘alabamiz uchun juda muhim... Bevaqt xursandchilikka berilmang: ruslar nima deyishidan qat’i nazar, faqat rasmiy ma’lumot manbalariga ishoning», dedi u. 

9 noyabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu qo‘shinlarni Xersondan Dneprning chap qirg‘og‘iga olib chiqishni buyurgan edi. «Maxsus operatsiya» qo‘shinlari qo‘shma guruhi qo‘mondoni Sergey Surovikin qo‘shinlarni olib chiqish operatsiyasi yaqin vaqt ichida yakunlanishini aytdi. 

Rossiya qo‘shinlari Xerson uchun jangni 24 fevralda, Ukraina bosqinining ilk kunida boshlagan edi. Shahar 3 mart kuni bosib olindi va shu vaqtgacha rus armiyasi nazorati ostida edi. 

30 sentabr kuni prezident Vladimir Putin Rossiya tarkibiga yangi hududlar, jumladan Xerson viloyatini kiritish to‘g‘risidagi bitimlarni imzoladi. Viloyat 23-27 sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan referendum natijasida annexia qilingan edi.

Mavzuga oid