Katta Ura Boyqo‘rg‘on va Yangiqishloqni ikkiga ajratib turadi. Yangiqishloqliklar maktab, kasalxona, bozor va ish uchun Boyqo‘rg‘onga boradi. Tuman markazi yoki ishga ham Boyqo‘rg‘on orqali ketiladi. Bundan tashqari Yangiqishloq bilan birga yana 4–5 qishloq aholisi ham turli yumushlar bilan Yangiqishloqqa kelib, bu yerdan Boyqo‘rg‘onga o‘tadi.

Qishloq aholisining aytishicha, hozir bu hududda tayinli ko‘prik yo‘q. 2 hududni bog‘laydigan osma ko‘prik bundan 40 yilcha ilgari hashar yo‘li bilan qurilgan. Bu ko‘prik ham odamlar o‘tishi uchun xavfli bo‘lib qolgan.

«O‘tgan yili bir qiz daryoga tushib ketgandi. Ko‘ylagi ko‘tarilib qolgani uchun ko‘rib qoldim. 100 metrcha oqib borgandan keyin, suvdan chiqarib oldim», — deydi «Boyqo‘rg‘on» MFYda joylashgan 13-maktab o‘qituvchisi G‘ayrat Yaxshiboyev.

Foto: Bekzod Yaxshiboyev
Foto: Bekzod Yaxshiboyev

13-maktab o‘qituvchilarining aytishicha, o‘quvchilari ko‘prikdan o‘tib olishguncha ularni kuzatib turishadi.

Davron Ismoilov shu maktabda ona tili o‘qituvchisi, u har kuni bolalarni ko‘prikdan o‘tkazib qo‘yishga 3 soat vaqt sarflaydi. Uning aytishicha, Yangiqishloq qishlog‘idan 100ga yaqin o‘quvchi shu ko‘prikdan o‘tadi. 20dan oshiq bog‘cha yoshidagi bolalar, 10dan oshiq o‘qituvchilar ham ko‘prikdan foydalanishadi.

«Aholi shu yerdagi qabristonga keladi. Odamlar ko‘p-ko‘plashib o‘tolmaydi. Hatto yuki, meva-sabzavot, unlari tushib ketgan holatlar ham bo‘lgan», — deydi D.Ismoilov.

Ko‘prik bilan bog‘liq yana bir baxtsiz hodisa 2011 yilda bo‘lgan. Yangiqishloqda yashaydigan shifokor Jasur Eshqobilov chaqiruv bo‘lib qolib, bemorning yoniga borayotganda shu ko‘prikdan tushib ketgan.

«Kechqurun Boyqo‘rg‘ondan bir bemordan chaqiruv bo‘lgan, shuni ko‘rishga ketayotgandim. Taxta sinib, ko‘prikdan pastga quladim. Keyin yuz va jag‘ qismidan jarohat olib, 6 oy kasalxonada yotganman. Bunaqa baxtsiz hodisalar juda ko‘p bo‘ladi. Ko‘prik va daryoning orasi 3 metr. Motosikllar, bolalar tushib ketgan vaqtlari ham bo‘lgan. Bolalarimni ham o‘zim o‘tkazib qo‘yib, keyin ishga ketaman. Ko‘prikdan o‘tish uchun bolalar navbatda turishadi»,