Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xersondan ketish - Rossiyaning urushdagi eng yirik mag‘lubiyatimi? Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Rossiya qo‘mondonligi «oddiy bo‘lmagan qaror»ni qabul qildi. Bunga nima sabab bo‘ldi va bu qaror nimaga olib keladi?
Rossiyaning Ukrainadagi guruhi qo‘mondoni general Sergey Surovikin 9 noyabr kuni mudofaa vaziri Sergey Shoyguga Rossiya qo‘shinlarini Dneprning o‘ng sohilidan olib ketishni taklif etdi va vazir bu «qayta guruhlanish»ga rozilik bildirdi. Qo‘shinlar o‘ng sohildagi platsdarmdan to‘liq olib ketilishi boshqa narsalar qatori, oktyabr oyidan «federatsiyaning yangi sub’yekti poytaxti» hisoblangan Xerson shahri tashlab ketilishini ham anglatadi. «Meduza» Rossiya armiyasida shaharni saqlab qolish imkoniyati qanchalik bo‘lgani va qabul qilingan qaror frontning boshqa uchastkalaridagi vaziyatni o‘zgartirishi ehtimoli qanchalik ekanini tahlil qildi.
Xersonning tashlab chiqilishi kutilmagan qaror emas: Surovikin oktyabr oyidayoq bunday «nooddiy qaror»ga ishora qilgandi. Undan biroz oldinroq hududning Rossiya tomonidan tayinlangan qo‘g‘irchoq hukumati tinch aholini Dneprning o‘ng sohilidan (Xerson ham o‘ng sohilda joylashgan) evakuatsiya qilishga kirishdi. Surovikin ehtimoliy «qaror»ni Ukraina raketalari ko‘priklarni safdan chiqargan sharoitda daryo orqali ta’minotni amalga oshirish qiyinlashgani bilan izohlagandi. Katta ehtimol bilan «nooddiy qaror» Surovikinning oktyabrdagi chiqishidan oldinroq qabul qilingan, undan keyin esa Rossiya qo‘shinlari uni ijro etishga tayyorlangan — mahalliy aholi, boyliklar, hujjatlar va jihozlar tashib ketilgan; Dneprning chap sohilida esa mustahkam istehkomlar barpo etilgan.
Chekinish frontdagi vaziyat tufayli emas: so‘nggi oy davomida Dneprning o‘ng sohilida faqat kichik to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Rossiya manbalari ularni «Ukraina qurolli kuchlarining keng ko‘lamli yurishi» deb atadi («dalil» sifatida rossiyaliklar ukrain texnikalarining bir necha kichik kolonnalariga zarba berilgani aks etgan videolarni keltirishdi), ammo Ukraina tomoni — faol harbiy harakatlar olib borayotganini inkor etdi. Nima bo‘lganda ham, ukrain armiyasi bir oydan buyon bu hududda jiddiy muvaffaqiyatga erishmayotgandi. Ammo mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda, bunday yutuqlarga erishish ham mumkin edi: ukrain armiyasi bu hududda son jihatdan katta ustunlikka ega. Rossiya qo‘mondonligi esa bunga qarshi hech narsa qila olmasdi - ta’minotdagi muammolar bu yerda katta miqdorda qo‘shin saqlab turish imkonini bermasdi.
Shu tariqa, chekinishning haqiqiy sababi — Dneprning o‘ng sohilidagi guruhni tutib turish hech qanday istiqbolga ega emasligi bo‘ldi. Uning mudofaasi ko‘p sonli jangovar qo‘shinlarni talab etardi (Kostroma va Uzoq Sharqdan jalb etilgan desantchilar, Qrimdan olib kelingan sohil mudofaachilari brigadalari), shu bilan birga, bu qo‘shinlarning resurslari cheklangandi va to‘liq kuch bilan jang olib bora olmasdi. Ulardan boshqa yo‘nalishda foydalanish samaraliroq edi.
Rossiya guruhi qanday qilib bu holatga tushib qoldi? Holbuki ular bu platsdarmdan Mikolayiv va Odessaga yurish qilmoqchi edi
Rossiya guruhining oldingi qismlari mart oyidayoq qiyin holatga tushib qolgandi. O‘shanda havo-desant kuchlarining bir qancha kuchaytirilgan batalonlari, dengiz piyodalari va Qrim sohil mudofaasining motoo‘qchilari Ukraina mudofaasi qulashidan foydalangan holda Xersonni egallab olishgan va bir necha yo‘nalishda oldinga siljishga muvaffaq bo‘lishgandi:
- g‘arbga (Mikolayiv shahri chekkalarigacha);
- shimoli-g‘arbga (Bug Voznesensk atrofida Janubiy Bug daryosi orqali o‘tgan ko‘priklarga);
- va shimolga (Krivoy Rog shahri atroflariga).
Yurishning asosiy yo‘nalishi Voznesensk bo‘lib, Rossiya qo‘mondonligi bu yerdan qo‘shinlarni Odessaga yo‘naltirishni ko‘zlagandi. Guruhlar ta’minoti bir necha ko‘priklar orqali amalga oshirilgan: Xerson yaqinidagi Antonov avtomobil ko‘prigi, unga parallel o‘tgan temiryo‘l ko‘prigi hamda 50 kilometr sharqda Nova Kaxovkadagi GES to‘g‘oni yoqalab o‘tgan ikkitalik (avtomobil va temiryo‘l) ko‘prik.
Foto: Sergey Bobilev / TASS
Ammo mart oyidayoq bunday ambitsiyali yurish uchun kuch yetarli emasligi ayon bo‘lib qoldi. RF qurolli kuchlari zaxiralarni bu yo‘nalishga tezlik bilan o‘tkaza olmadi va oldingi chiziqlardagi qo‘shinlar Ukraina qurolli kuchlari zarbalari ostida Mikolayiv, Voznesensk hamda Krivoy Rogdan Xerson oblasti chegaralarigacha chekinishga majbur bo‘ldi. Bu yerda (shuningdek, Mikolayiv oblastining chegaradagi Snigirevka shahri atrofida) ular uzoq muddat uchun mo‘ljallangan mudofaa istehkomlari qura boshlashdi. Mudofaani geografik joylashuv qulaylashtirardi: hudud o‘rmonzorlar deyarli uchramaydigan yalang‘och dashtlardan iborat bo‘lib, yurish qilayotganlar yashirincha harakatlanishining imkoni yo‘q edi; qolaversa, mudofaa chizig‘ining katta qismi tabiiy to‘siq bo‘lgan Ingulets daryosi bo‘ylab o‘tardi.
Ukraina qurolli kuchlari bu daryodan kechib o‘tishga yozdayoq urinib ko‘rgandi, ammo katta yo‘qotishlarga uchradi. Jiddiy suv to‘siqlari yo‘q bo‘lgan Mikolayiv tomondan qilingan yurish ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi: Rossiya aviatsiyasi va artilleriya ochiq dasht bo‘ylab yurish qilgan bo‘linmalarni osonlik bilan o‘qqa tutdi. Frontdagi vaziyat ma’lum vaqtga barqarorlashdi, Rossiya qo‘mondonligi esa iyul va avgust oylarida o‘ng sohilga kattagina qo‘shimcha kuchlar tashladi.
Shundan keyin Ukraina qurolli kuchlari yangi taktika qo‘llay boshladi: rossiyaliklar pozitsiyalariga ro‘paradan hujum qilish o‘rniga ular Rossiya guruhining ta’minot yo‘llari hamda o‘q-dori omborlarini yo‘q qilishga kirishdi. Avgust oyiga qadar buning imkoni yo‘q edi: ukrain armiyasida uzoq masofaga aniq zarba beruvchi vositalar bo‘lmagan. Ammo yoz oxiriga kelib Ukraina armiyasida front chizig‘idan ancha ichkaridagi hududlarga yuqori aniqlik bilan zarba berishga qodir HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari paydo bo‘ldi — GPS orqali yo‘naltiriladigan 90 kilogramm vaznli raketalar qariyb 90 kilometr uzoqlikdagi nishonlarga aniq yetib borardi.
Bunday raketa zarbalarining asosiy nishoni ko‘priklar bo‘ldi. Bunday raketa kallaklari bilan ko‘priklarni to‘liq qulatish imkonsiz edi, ammo ko‘prik yo‘llari muhandislar tomonidan ta’mirlanishi bilan Ukraina qurolli kuchlari yo‘llarni tezda ishdan chiqaraverdi. Oktyabr oyi o‘rtalariga kelib Antonov ko‘prigi bo‘ylab harakatlanish butunlay to‘xtatildi, Xerson bilan temiryo‘l aloqasi ham mavjud emasdi, Nova Kaxovkadagi GES to‘g‘oni atrofida esa vaqtinchalik o‘rnatilgan ko‘priklarda yuk mashinalari harakatlanishi mumkin edi, ammo bu yo‘llar ham vaqti-vaqti bilan hujumga uchrardi.
So‘nggi oylarda Dneprning o‘ng sohilidagi qo‘shinlar ta’minoti, xuddi Xersondagi tinch aholi vakillari ta’minoti kabi faqat paromlar va katerlar orqali amalga oshirildi. Ukraina qurolli kuchlari ularga ham zarba bera boshladi: lekin baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarining GPS orqali yo‘naltiriladigan yuqori aniqlikdagi raketalari harakatdagi nishonlarga qarshi u qadar samarali emas. Shunga qaramay, harbiy yuklarni tashigan paromlar bir necha bor zarbalardan shikastlanishi kuzatildi.
Ammo asosiysi, bunday transport tashish hajmi juda past (ko‘priklar bilan taqqoslaganda) hisoblanadi. Bunday sharoitda Rossiya qo‘mondonligi ta’minotdagi muammolarni hal eta olmasdi: buning uchun transport vositalari yetishmasdi (RF harbiylari hatto mahalliy tadbirkorlarning yuk tashishda foydalanadigan barjalarini tortib olgan). Bundan tashqari, Xerson shahrida va uning atrofida qolayotgan bir necha yuz ming kishi (urushga qadar bu yerda 300 ming kishi istiqomat qilgan, ammo urush davomida ko‘pchilik Rossiya nazoratidagi hududni tark etgan) uchun oziq-ovqat va zarur buyumlar yetkazib berish talab etilardi.
Alaloqibat Rossiya qo‘mondonligi o‘ng sohildagi platsdarm guruhini jiddiy kuchaytira olmadi: hozirgidan bir necha barobar ko‘p sonli qo‘shinlar (o‘n mingdan oshiq) uchun shunchaki o‘q-dori, texnika va oziq-ovqat yetkazib berish imkoniyati bo‘lmasdi. Ukraina qurolli kuchlari bunday sharoitda muvaffaqiyatli yurish qilishi uchun talab etiladigan ish — son jihatdan rossiyaliklarnikidan jiddiy katta bo‘lgan guruhni jamlash bo‘lardi.
Bunday guruh jamlandi, ammo yurishning dastlabki oyi (avgust oxiridan oktyabr boshigacha) ukrain qo‘shinlari uchun muvaffaqiyatli kechmadi: Ingulets orqali yorib o‘tgan qo‘shinlar dashtlik hududida RF qurolli kuchlari tomonidan to‘xtatildi, ular tinimsiz ravishda artilleriya va aviatsiya tomonidan zarbaga uchradi. Ukraina qurolli kuchlari bir qancha qishloq va posyolkalarni ozod etishdi, ammo Dnepr bo‘ylarigacha kirib kela olishmadi.
Oktyabr oyi boshida Ukraina qo‘mondonligi tashabbusdan (ya’ni hal qiluvchi hujum uchun joy tanlash imkoniyati) va son jihatdan ustunlikdan foydalangan holda Rossiya mudofaasidagi zaif nuqtani topa oldi: Dnepr yoqalab joylashgan pozitsiyalarga zarba berildi, bu hududda Qrimdan kelgan va avvalgi janglarda holdan toygan motoo‘qchilar mudofaalanayotgandi. Front chizig‘i bir necha o‘n kilometrga yorib kirildi. Yakunda platsdarmning shimoliy uchastkasidagi barcha Rossiya qo‘shinlari yangi mudofaa liniyasi tashkil etish uchun chekinishga majbur bo‘ldi. Shundan keyin bu yerda holat barqarorlashdi, Ukraina qurolli kuchlari yangi yurish uchun qo‘shimcha kuch to‘play boshladi.
Ammo Rossiya guruhining vaziyati yomonlashishi davom etdi:
- Ukraina qurolli kuchlari tashabbusni saqlab qoldi, hujum uchun joyni va vaqtni o‘zi tanlashi mumkin edi.
- RF qurolli kuchlari ta’minotdagi muammolar tufayli guruhni kuchaytira olmasdi.
- Bu guruhning uzoq muddatdagi istiqboli juda umidsiz ko‘rinardi: unga hatto frontga ko‘p sonli safarbarlar kelishi ham yordam bera olmasdi. Ukraina qo‘shini ertami-kechmi yana bir muvaffaqiyatli hujum qilishi muqarrar edi (oktyabr oyi boshidagi kabi).
- Xersondagi Rossiya qo‘shinlarini qutqarishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘l — urushdagi tashabbusni qo‘lga olish edi (ammo RF qurolli kuchlari endi urush boshidagi kabi keng ko‘lamli yurish uyushtira olmasligi kundek ravshan bo‘lib qoldi).
Bu Rossiya armiyasining butun urush davomidagi eng yirik mag‘lubiyatimi?
Siyosiy ma’noda — eng yiriklaridan biri. Agar Shoygu va Surovikinning so‘zlaridan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Rossiya qo‘shini oktyabr oyi boshida Kreml tomonidan annexia qilib olingan va bir oy davomida Rossiya tarkibida yashayotgan oblast markazini tark etmoqda. Tan olish kerakki, Ukraina oblast markazi bilan qo‘shib hisoblaganda Xerson oblastining 23 foiz hududi ustidangina nazoratni qaytarmoqda. Anneksiya qilingan Xerson oblastining katta hududi daryoning chap sohilida joylashgan. Bu tomonda RF qurolli kuchlarining Ukraina janubidagi eng asosiy ta’minot bazalari joylashgan (ularning bir qismi Qrimda).
Harbiy nuqtayi nazardan vaziyat biroz murakkabroq, chunki endilikda Rossiya qo‘shini ta’minotini oson amalga oshirish mumkin bo‘lgan nisbatan qulayroq pozitsiyalarni egallamoqda.
Ammo bu yerda ham o‘z «lekinlari» bor:
- Kamida yoz oxirigacha Kremlning urushdagi maqsadlaridan biri sifatida Odessaning egallanishi aytib kelinayotgandi. Dneprning o‘ng sohilidan ketilgach, RF qurolli kuchlari bunday rejadan voz kechishiga to‘g‘ri keladi (keng ko‘lamli qarshilik sharoitida endi daryodan yana kechib o‘tish dargumon — bu qarshilik to‘xtashiga esa umid qilmasa ham bo‘ladi).
- Yirik suv to‘sig‘i ortiga chekinish (Dnepr daryosining quyi oqimi, shuningdek Kaxovka suv omborida daryoning eni 700 metrdan ayrim joylarda bir kilometrgacha yetadi) jangovar tayyor qo‘shinlarning bir qismini ozod etadi. Shu bilan birga, Ukraina qo‘mondonligi ham Xersondagi harakatlardan bo‘shagan ko‘p sonli kuchlarini frontning boshqa uchastkalariga o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, RF qurolli kuchlari daryo bo‘ylab yangi to‘laqonli mudofaa liniyasi tashkil etishiga to‘g‘ri keladi — yetarli miqdordagi mudofaa kuchlarisiz hatto Dnepr daryosi ham yurish qilib kelayotgan kuchlar uchun o‘tib bo‘lmas to‘siq bo‘la olmaydi. Endi daryo bo‘ylab mudofaa liniyasi qariyb ikki barobarga uzayadi — taxminan 170 kilometrga. Sohil mudofaasi uchun ikkinchi darajali qo‘shinlardan foydalanish esa xavfli bo‘ladi.
- Ukrainlar artilleriyasi va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari endi Rossiya qo‘shinlarining front ortidagi bazalariga yanada yaqinlashadi: masalan, endilikda HIMARS tizimlari raketalari Xerson oblastidagi vertolyot bazasini (katta ehtimol bilan, bazani ichkariroqqa ko‘chirishadi, bu esa Dnepr bo‘ylab o‘tadigan mudofaa liniyasi mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi) va hatto Qrim shimolidagi Armyansk shahrini ham osonlik bilan o‘qqa tutishi mumkin. Shu bilan birga, Qrim hududining katta qismi Ukraina armiyasi ixtiyoridagi yuqori aniqlikda harakatlanuvchi raketalar yeta olmaydigan masofada qolaveradi.
- Rossiya qo‘mondonligi uchun alohida bosh og‘rig‘i esa — Nova Kaxovkadagi Kaxovka GES to‘g‘onidir. Agar Rossiyaning barcha bo‘linmalari daryoning chap sohiliga chekinsa, to‘g‘onning bir qismi Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga o‘tadi. Rossiya qo‘mondonligi to‘g‘onning chap sohildagi qismi mudofaasini qanday tashkil etishni rejalashtirayotgani to‘liq aniq emas. Agar bu o‘tish yo‘lini ishdan chiqarish uchun kuchli portlash amalga oshirilsa, bu Kaxovka suv omboridagi suv tezlik bilan chiqa boshlashiga va daryo yoqasidagi aholi yashash manzillari suv ostida qolishiga olib kelishi mumkin.
Rossiya qo‘mondonligi chindan ham barcha qo‘shinlarni Xersondan olib chiqadimi? Bu «harbiy nayrang» emasmi?
Xersondan tinch aholining bir qismi olib ketilgach, nazariy jihatdan o‘ng sohildagi platsdarm Xerson va Berislavdagi (Nova Kaxovka ro‘parasida) «qal’alar» darajasiga qisqardi.
Bunday reja qisman ta’minot muammosini hal etishi mumkin edi: agar faqat Dnepr daryosiga yaqin joylashgan kichik platsdarmlar qoldirilsa, sharqiy sohildan ta’minot yetkazib berilishi uchun eng talabgir bo‘lgan «iste’molchilar» — tinch aholi va artilleriya qismlarini ta’minot ro‘yxatidan o‘chirish mumkin. Artilleriyani chap sohilga joylashtirish - bu orqali daryoning ikkinchi sohilida bir necha kilometrlik hududdagi mudofaani qo‘llab-quvvatlash mumkin. Bundan tashqari, «Xerson qal’asi mudofaasi» asosiy siyosiy muammoni hal etardi — «Rossiya sub’yekti»ga aylangan oblast markazi topshirilganini izohlashga hojat qolmasdi. Xerson «qal’a» bo‘lishi kerakligi haqida avvalroq «oblastning qo‘g‘irchoq hukumati rahbari» Vladimir Saldo ham aytib o‘tgandi.
Ammo bunday qarorning o‘zi harbiy nuqtayi nazardan «murakkab»: ukrainlarning stvolli artilleriyasi o‘qlari ostida daryo orqali ta’minot amalga oshirish, agar mumkin bo‘lsa ham, yanada qiyinlashadi.
Shu vaqtgacha Rossiya qo‘mondonligi normal ta’minot imkoni bo‘lmagan hududlarda qamal holatidagi «qal’a»da oxirigacha kurashishni emas, qo‘shinlarni to‘liq evakuatsiya qilishni afzal ko‘rgan — bahorda Kiyev atrofidan ham, yozda Ilonli oroldan ham, sentabr oyida Xarkiv oblasti shimolidan ham.