Jahon | 15:19 / 11.11.2022
4374
3 daqiqa o‘qiladi

Microsoft Rossiyani Polsha va Ukrainadagi kiberhujumlarda aybladi

Oktabr oyida Rossiya «GRU»ga aloqador xakerlar guruhi Ukraina va Polshadagi logistika tashkilotlariga hujum qilgan. G‘arb mutaxassislari Sandworm (Iridium) guruhi xakerlarini aybladi. 

Foto: Shutterstock

AQShning Microsoft kompaniyasi Rossiya harbiy razvedkasini oktabr oyida Ukraina va Polshadagi transport va logistika tashkilotlarini nishonga olgan to‘lov dasturi hujumlarida aybladi. Xususan, javobgarlik Rossiya «GRU» bilan aloqadorligi taxmin qilinayotgan Sandworm (Iridium) xakerlar guruhiga yuklangan, deb xabar qildi Amerikaning CNN telekompaniyasi 10 noyabr, payshanba kuni kechqurun Microsoft vakiliga tayanib.

Telekompaniya suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Sandworm yoki Iridium hujumlar uchun avval noma’lum bo‘lgan Prestige to‘lov dasturidan foydalangan. U zararlangan kompyuter tizimidagi barcha fayllarni skanerdan o‘tkazgan va .txt, .png, gpg kengaytmalari hamda 200 dan ortiq boshqa kengaytmali fayllar tarkibini shifrlagan. Keyin Prestige .enc kengaytmasini mavjud fayl kengaytmasiga qo‘shgan.

Microsoft dastlab hujumni DEV-0960 deb nomlangan noma’lum guruh bilan bog‘ladi, biroq 10 noyabr kuni bu hujumlar ortida Sandworm (Iridium) turganini aytdi. 

Prestige dasturi yordamida xakerlar qurbonlar tarmoqlarini nazoratga olishgan. 11 oktyabr kuni xakerlar Prestige’ni barcha virusli qurilmalarga joylashtirdi, deya ta’kidladi CNN manbasi. Prestige Ukrainaga gumanitar yoki harbiy yordamni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib beradigan yoki tashiydigan tashkilotlar uchun xavf ortib borayotganidan dalolat beradi. Kengroq qilib aytganda, bu Sharqiy Yevropadagi tashkilotlar uchun katta xavf tug‘dirishi mumkin, sababi ular, Rossiya fikriga ko‘ra, Ukrainaga yordam beryapti, deya qo‘shimcha qildi u.

G‘arb davlatlari Sandworm yoki Iridium xakerlar guruhini 2017 yilda Oq uy hisob-kitoblariga ko‘ra, 10 milliard dollar moliyaviy zarar keltirgan global NotPetya kiberhujumiga aloqador deb hisoblayapti. Bundan tashqari, ushbu guruh 2016 va 2017 yillarning eng sovuq oylarida elektr ta’minotida katta uzilishlarga sabab bo‘lgan Ukraina energetika tizimiga buzib kirishda ayblanmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid