17:08 / 11.11.2022
7969

«O‘zbekistonda tasodifiy bo‘lmagan o‘limlarning 6 foizi havo ifloslanishi bilan bog‘liq» – Jahon banki

Jahon banki tahlillari aholining katta qismi muntazam ravishda nosog‘lom deb hisoblangan havodan nafas olishini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, ob-havo keskin yomonlashuvi O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida ijtimoiy himoyasi zaif davlatga aylantirdi.

Foto: Kun.uz

Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyoti va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda «O‘zbekiston yashil iqtisodiyot sari» sharhini tayyorladi.

Undan bir qancha muhim xulosalarga ega bo‘lish mumkin.

Resurslar samaradorligining pastligi

O‘zbekistonda iqtisodiy mahsulotning iste’mol qilingan har bir kilogramm materialiga 0,8 AQSh dollari miqdoridagi resurs samaradorligi Yevropa Ittifoqi va boshqa daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlardagi ko‘rsatkichdan ancha pastroq – o‘rtacha 2,9 AQSh dollari.

O‘zbekistonda ayniqsa suv samarasiz ishlatiladi: foydalanilgan suvning har bir kubometri uchun iqtisodiy unumdorlik daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlarga qaraganda 14 dollarga past.

O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan energiya iste’moli  Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb uch baravar va qo‘shni Qozog‘istonnikidan ikki baravar ko‘p.

Havoning ifloslanishi va iqtisodiy zarar

Degradatsiyaga uchragan yerlardagi changning shamol ta’sirida ko‘chishi shahar va sanoat manbalaridan chiqadigan qattiq zarrachalar havoni ifloslantirishi holatini og‘irlashtiradi. Aholining katta qismi muntazam ravishda nosog‘lom deb hisoblangan havodan nafas oladi: yalpi ichki mahsulotning 6 foiziga teng bo‘lgan tasodifiy bo‘lmagan o‘lim holatlarini havo ifloslanishi bilan bog‘lash mumkin.  

Yer degradatsiyasi iqtisodiyot uchun juda qimmatga tushadi va bu o‘zaro bog‘liq ekologik muammolar tufayli yuzaga keladi. Degradatsiyaga uchragan yerlar bilan bog‘liq atrof-muhitning degradatsiyasi YaIMning 4 foiziga teng zarar keltiradi.

Chidamlilik indeksi past

O‘zbekiston ob-havo o‘zgarishlari oldida zaif va mamlakatning chidamlilik indeksi past. Qurg‘oqchilik va suv toshqinlari oqibatlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, eng ko‘p zarar ko‘rgan aholi guruhlari daromad darajasi va iste’molda katta yo‘qotishlarga duch kelmoqda.

Boshqa mamlakatlarda ob-havoning keskin yomonlashuvidan aziyat chekayotgan aholi soni ko‘proq bo‘lsa ham, bu O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida ijtimoiy himoyasi zaif davlatga aylantirdi. Iqlim o‘zgarishining ehtimoliy modeli tahlili shuni ko‘rsatadiki, mamlakatdagi ijtimoiy himoya zaifligi faqat oshib boradi.

Tahlillarda qayd etilgan o‘ta zaif hududlar orasida Farg‘ona vodiysi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi alohida ajralib turadi.

Iqtisodiy yo‘qotishlar qanday bo‘ladi?

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, asosan qishloq xo‘jaligiga ta’sir ko‘rsatadigan iqtisodiy yo‘qotishlar 2030 yilga borib YaIMning 1 foizini tashkil qilishi baholangan.

Iqtisodiy yo‘qotishlarning qariyb yarmi suv va biologik xilma-xillikning qisqarishi natijasida yashash joylarining yo‘qolishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu birinchi navbatda qishloq xo‘jaligiga ta’sir qiladi.

Iqlim o‘zgarishi mehnat unumdorligiga ham ta’sir qiladi va O‘zbekistonda ishchi kuchi bo‘yicha taklifning 2-5 foiz punktga qisqarishiga olib kelishi mumkin.

Oziq-ovqat ishlab chiqarishni iqlimga mos qishloq xo‘jaligi orqali qisman moslashtirish mumkin. Yer, suv va landshaftni samaraliroq boshqarish esa iqlim o‘zgarishi ta’sirlarini yanada yumshatishi mumkin.

Ko‘p uglerod talab qiluvchi eksportga ta’sirning tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti va farovonligiga sezilarli darajada putur yetadi. O‘zbekistonning asosiy eksport bozorlari o‘rtasida siyosatni muvofiqlashtirishning, shu jumladan ko‘p uglerod talab qiluvchi mahsulotlarga transchegaraviy soliqlar qo‘llash orqali, turli ssenariylariga ko‘ra, 2050 yilgacha O‘zbekistonning tabiiy gaz va neft eksporti 40 foizgacha zarar ko‘rishi mumkin. Biroq O‘zbekiston o‘zining kam uglerodli siyosatini olib borish orqali bu ta’sirlarni yumshata oladi.

Top