03:22 / 11.11.2022
10806

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an: Imom Buxoriy nomidagi mukofotni olishdan ulkan sharaf va g‘urur tuyaman

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoni bilan Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqandda o‘tadigan sammiti doirasida mazkur mukofotni topshirish marosimi bo‘ldi.

Ikki rahbarning ham Imom Buxoriy hazratlariga hurmati juda yuqori. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan alloma maqbarasi yonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis maktabi tashkil etilgan. Sh.Mirziyoyev bu haqda 2017 yili BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida so‘zlaganida, Turkiya prezidenti «bu yuksak minbardan Imom Buxoriy hazratlarining mo‘tabar nomi birinchi marta yangradi», deya mamnun bo‘lgan edi, deb yozadi prezident rasmiy sayti.

Bu yil prezident Sh.Mirziyoyev taklifiga ko‘ra, O‘zbekistonning «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni ta’sis etildi. Bu mukofot bilan ilm-ma’rifatni rivojlantirish, islom olami mutafakkirlari merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilishdagi alohida xizmatlari uchun olimlar, tadqiqotchilar, adiblar, shuningdek, xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari taqdirlanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Ushbu oliy orden Sizning islom ma’rifatini keng yoyish, dunë miqyosida musulmonlarning manfaatlarini himoya qilish, ummatimizning birdamligi va farovonligini ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni qaror toptirish, yoshlarni ezgulik ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ulkan ishlaringizning munosib e’tirofidir», – dedi Sh.Mirziyoyev taqdirlash marosimda va Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga mukofotni topshirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Turkiya Prezidenti buyuk muhaddis nomidagi ordenni olishdan benihoyat mamnun ekanini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Hadis va fiqh ilmining cho‘qqisi bo‘lgan Imom Buxoriy nomidagi bu qimmatli mukofotni olishdan ulkan sharaf va g‘urur tuyaman. Shavkat Mirziyoyevni ilk tanigan paytlarimdan buyon Imom Buxoriy merosidan namunalar keltirib so‘zlagani uchun menda qardoshimga farqli bir hurmat-muhabbat paydo bo‘lgan. Uning sa’y-harakatlari bilan Samarqandda ilm dargohlari qurildi, Turkiya va O‘zbekiston olimlari yaqindan hamkorlik qilmoqda. Bu ordenni xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy va abadiy qardoshlikning, hamma sohada rivojlanib borayotgan munosabatlarimizning kuchli ramzi sifatida qabul qilaman. O‘z nomimdan va millatim nomidan bu yuksak e’tibor uchun O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman», – dedi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Mavzu
Samarqandda Turkiy davlatlar sammiti
11 noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi tashkillashtirildi.
Barchasi
Top