Jahon | 16:32 / 12.11.2022
6623
2 daqiqa o‘qiladi

Bryussel «Gazprom»ning Germaniyadagi shu’ba korxonasini milliylashtirishni ma’qulladi

Yevropa regulyatori Gazprom Germania'ga 225,6 million yevro miqdorida dotatsiyalar ajratdi. Rossiya gaz konsernining nemis shu’basi endi Germaniya davlatining to‘liq nazoratiga o‘tishi mumkin.

Foto: Gazprom

Yevropa komissiyasi Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi Germaniyadagi shu’ba korxonasi Gazprom Germania'ni milliylashtirishni ma’qulladi. Bryusseldagi regulyator shanba kuni unga 225,6 million yevro miqdorida dotatsiyalar ajratishni tasdiqladi. Bu Germaniya hukumatiga hozirda Security Energy for Europe (Sefe) deb ataladigan va Federal tarmoqlar agentligining ishonchli boshqaruvida bo‘lgan ushbu kompaniyani to‘liq nazorat qilish imkonini beradi.

Yevrokomissiyada ta’kidlanganidek, pul energetika inqirozi oqibatlaridan aziyat chekayotgan kompaniyalarga xususiy kapital yetishmovchiligida dotatsiyalar olish imkonini beruvchi inqiroz mexanizmining bir qismi sifatida ajratilgan. Sefe kompaniyasi - avvalgi Gazprom Germania - Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan keyin katta yo‘qotishlarga uchradi. Germaniya gaz ta’minoti bozorining 14 foizini va Germaniyadagi gaz omborlarining 28 foizini tashkil etuvchi ushbu firma o‘ta muhim ahamiyatga ega tizim hisoblanadi.

Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng, Rossiya davlat monopoliya konserni "Gazprom" Gazprom Germania nemis kompaniyasiga egalik qilmasligini e’lon qildi. U aktivni sanksiyalardan chiqarish uchun unchalik taniqli bo‘lmagan kompaniyaga topshirgan. Germaniya hukumati, o‘z navbatida, aprel oyi boshida mamlakatning gaz ta’minotini ta’minlash maqsadida Federal tarmoq agentligini (BNetzA) kompaniya ishonchli vakili etib tayinladi. Ushbu qadamga javoban Kreml «Gazprom»ning sobiq shu’basiga qarshi sanksiyalar kiritdi va u bilan bitim tuzishni taqiqladi. Iyul oyi o‘rtalarida federal hukumat Sefe kompaniyasiga bankrot bo‘lishining oldini olish uchun ko‘p milliard yevrolik yordam ajratdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid