Jahon | 07:37 / 12.11.2022
11674
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Xerson ustidan nazoratni qaytarganini e’lon qildi

Ukraina Mudofaa vazirligi Xersonda qolgan rossiyalik harbiy xizmatchilarni ularning xavfsizligi va almashish imkoniyatini kafolatlab, taslim bo‘lishga chaqirdi.

Videodan kadr

Ukraina Xerson ustidan nazoratni qaytarib olganini e’lon qildi. «Xerson Ukraina nazorati ostiga qaytmoqda, Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalari shaharga kirib bormoqda», — deya ma’lum qildi 11 noyabr, juma kuni mamlakat mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi (BRB).

Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi «Rossiya armiyasi qo‘mondonligi tomonidan Xersonda tashlab ketilgan rossiyalik harbiy xizmatchilarga murojaat» bilan chiqdi. «Qo‘mondonlaringiz sizni fuqarolik kiyimiga o‘tishga va Xersondan qochishga harakat qilishga undamoqda. Muvaffaqiyatga erisha olmaysiz», deyiladi hujjatda, shuningdek, ruslarning chekinish yo‘llari Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida ekanligi ham ta’kidlangan.

Shaharda qolgan rus harbiy xizmatchilari ularga xavfsizlik, hayot va keyinchalik almashish imkoniyatini va’da qilib, taslim bo‘lishga chaqirildi. «Ukraina Qurolli kuchlariga qarshilik ko‘rsatishga qaratilgan har qanday urinishlar to‘xtatiladi. Qarshilik ko‘rsatgan har bir rossiyalik harbiy yo‘q qilinadi. Sizda o‘limdan qochish uchun yagona imkoniyat bor - darhol taslim bo‘lish», - deyiladi Ukraina Mudofaa vazirligi bayonotida. Ruslarga Jyeneva konvensiyalariga rioya qilish, shuningdek, oziq-ovqat va tibbiy yordam ko‘rsatish kafolatlangan.

O‘z navbatida, Xerson viloyat kengashi deputati Sergey Xlan shahar «amalda Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida ekani, tozalash o‘tkazilishi kerakligini» aytdi. U Xerson aholisini tozalash davrida uyda qolish yaxshiroq bo‘lishidan ogohlantirdi. Bundan tashqari, Xlan rus qo‘shinlari ketishdan oldin Xerson issiqlik elektr stansiyasi, oblenergo tarqatish stansiyasi va teleminorani portlatganini tasdiqladi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, hozir shaharda aloqa yo‘q, faqat joylarda zaif mobil internet paydo bo‘lmoqda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina Qurolli kuchlarining Xersonga kirishi haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. Ukrainaning Telegram-kanallarida Ukraina Qurolli kuchlari shahar g‘arbiy qismida joylashgan Xersonning Shumen mikrorayonida joylashgani haqidagi ma’lumotlar aks etgan fotosuratlar chop etildi. Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalaridan olingan kadrlarda Xerson aholisi ukrainalik harbiy xizmatchilar bilan uchrashish uchun shahar markaziga borayotganini ko‘rish mumkin.

Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning boshidanoq rus qo‘shinlari Xerson viloyatiga kirib, uning deyarli barcha hududini asta-sekin egallab olishni boshladilar. Ukraina mart oyi boshida Xerson ustidan nazoratni yo‘qotdi. Shundan so‘ng rossiyaliklar okkupatsion «ma’muriyati»ni tuzdi, mahalliy aholini, jumladan siyosatchilar, jurnalistlar va faollarni o‘g‘irlab ketishdi, shuningdek, rus rubllarini muomalaga kiritishga harakat qilishdi.

Sentabr oyi oxirida, «referendum» deb atalgan jarayondan so‘ng, Moskva Xerson, shuningdek, Donetsk, Luhansk va Zaporijjya viloyatlarini annexia qilganini e’lon qildi. Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumi fonida rus qo‘shinlari Dniproning chap qirg‘og‘iga chekinishga majbur bo‘lishdi.

Mavzuga oid