O‘zbekiston | 22:14 / 13.11.2022
10994
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: “Ishchi guruh” a’zolari kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish va tabiiy gaz qazib chiqarilishi holatini o‘rganish maqsadida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlardan kelib chiqib “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tizimidagi korxonalarda uzluksiz ish olib borilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari jamiyatning yirik korxonasi bo‘lgan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘lib, uglevodorodlar qazib chiqarish holatini o‘rgandi hamda tabiiy gaz zaxiralarini oshirish, geologo-texnik tadbirlar ijrosi yuzasidan “Ko‘kdumaloq” konida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Boshqaruv raisi tomonidan jamiyatning barcha bo‘g‘in korxonalarida kuz-qish mavsumida iste’molchilarga tabiiy va suyultirilgan gaz, neft mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish maqsadida, “tarmoqda favqulodda holat” e’lon qilingani ta’kidlandi.

Xususan, uglevodorodlar qazib chiqarish obektlarining xavfsiz va ishonchli ishlashini monitoring qilish, 24 soat davomida faoliyat yuritadigan dispetcherlik xizmati tomonidan aniqlangan kamchiliklar joyida tezkor bartaraf etish choralarini ko‘rish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

Kuz-qish mavsumida sodir bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan avariyaviy to‘xtalishlarni bartaraf etish bo‘yicha tarkibiy tuzilma va tashkilotlarda tezkor “Ishchi guruh”lar tuzib, barcha material hamda texnik resurslar zaxirasini yaratish, gaz quduqlari, gaz uzatish tizimi quvurlari, texnologik obektlarning barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Muborak boshqarmasidagi mavjud 16 ta siquv kompressor stansiyasidagi 42 ta agregatning barqaror ishlashini ta’minlash uchun Rossiyadagi “KMPO” AJ, Ukrainaning “Motor Sich” va Germaniyaning “SeM” kompaniyalari bilan hamkorlikda NK-16/18STD, AI-336 hamda LM-2500 rusumli gaz turbinali dvigatellarini ta’mirlash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha boshqarma hamda departament boshliqlariga zarur ko‘rsatmalar berildi.

Ilmiy-tadqiqot institutlari bilan birgalikda kichik konlardagi gaz zaxiralarini maksimal o‘zlashtirish bilan kelgusida gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash maqsadida quduqusti kompressorlarini qo‘llash bo‘yicha texnik yechimlar ishlab chiqish hamda “Girsan”, “Cho‘lquvar” va “Shumak” konlariga kichik kompressor qurilmalari o‘rnatish loyihalarini jadallashtirish uchun “Ishchi guruh” tuzgan holda loyihalashtirish, tender savdolarini o‘tkazib, shartnomalar tuzish ishlarini tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida uglevodorodlar zaxirasini o‘stirish va konlardan gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ishlarga jalb qilingan ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini oshirish, zaxiralarni o‘stirishda mavjud konlarning chuqur terrigen-yura qatlamlari istiqbolliligi va yangi maydonlarining qo‘shimcha salohiyatini ӯrganish, jumladan 3D seysmik ma’lumotlarni kompleks qayta tahlil qilish, yangi maydonlarni burg‘ilashga kiritish bo‘yicha ishlarning holati muhokama qilindi.

2022 yilning yanvar-oktabr oylarida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi bo‘yicha uglevodorodlar qazib chiqarish rejasi bajarilishi holati konlar kesimida tanqidiy ko‘rib chiqildi. Boshqarmaga qarashli kon boshliqlarining hisobotlari tinglanib, konlarda amalga oshirilayotgan geologo-texnik tadbirlarni yanada jadallashtirish, mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ta’kidlash kerakki, o‘tgan davrda boshqarmada geologo-texnik tadbirlar doirasida 26 ta yangi ishlatish quduqlari burg‘ilangan, 281 ta quduqda ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari bajarilgan va 8 ta texnologik obekt ishga tushirilib, qo‘shimcha 1 065,7 mln kub metr gaz va 20,5 ming tonna gaz kondensati qazib olishga erishildi.

Muborak boshqarmasida kuz-qish mavsumida rejalashtirilgan 53 ta geologo-texnik tadbirlar, jumladan 18 ta quduqni burg‘ilash, 33 ta quduqda kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari hamda 2 ta texnologik obektni ishga tushirish tadbirlari ijrosi hisoboti eshitildi, ishlab chiqarishdagi mavjud muammoli masalalar muhokama qilindi va mas’ul departamentlar, boshqarma, pudratchi tashkilot rahbarlariga zarur vazifalar belgilab berildi.

O‘z navbatida, “Tegirmon” konidan “Somontepa” konidagi gazni dastlabki tayyorlash qurilmasigacha 48 km gaz quvuri qurilish ishlari holati joyida o‘rganildi. Joriy yilning 13-14 oktabr kunlaridagi tashrifda ushbu gaz quvurini qurish ishlariga “start” berilgan edi. O‘tgan 25 kun davomida gaz quvurini 1-bosqichi, ya’ni 41 km uzunlikdagi qismi ishga tushirildi. 

Natijada “Tegirmon” guruhi konlaridagi ishlatish quduqlari hisobidan kunlik qo‘shimcha 500 ming kub metr gaz qazib chiqarishga erishildi. Quvurning 2-bosqichi bo‘yicha 5,8 km quvurlar olib chiqilib, 2,8 km qismida payvandlash ishlari bajarilgan, o‘rganishlar bo‘yicha 2- bosqichni 15 noyabrgacha ishga tushirish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

Shundan so‘ng “Oltinko‘l” maydonidagi 1-sonli, “Tegirmon” hududida burg‘ilanayotgan “Yangi Olot” 2-, 3-sonli, “G‘arbiy Tegirmon” 8-, 11-, 12-sonli sonli, “Yangi Tegirmon” 1-sonli, “Tegirmon” konidagi 6-, 15- va 16-sonli quduqlardagi burg‘ilash ishlarining holati o‘rganildi. 

Bugungi kunda ushbu hududda izlov-qidiruv quduqlarni burg‘ilashga 6 ta, ishlatish quduqlarini burg‘ilashga esa 4 ta, jami 10 ta burg‘ilash dastgohlari jalb qilingan bo‘lib, hozirda ularning barchasida burg‘ilash ishlari davom ettirilmoqda. 2022 yil yakuniga qadar ushbu tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish bilan “Tegirmon” guruhi konlaridan umumiy 396 mln kub metrdan ortiq tabiiy gaz qazib chiqarish, aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlariga yetkazib berish maqsad qilingan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” o‘rganish davomida burg‘ilash maydonlarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning ish va yashash sharoitlari ham o‘rganildi. Ular uchun barcha sharoit yaratilgan bo‘lsa-da, ushbu masala eng dolzarb ekani ta’kidlanib, mas’ullarga muntazam nazorat olib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid