Jo Bayden va Si Jinping birinchi marta yuzma-yuz uchrashdi
AQSh va Xitoy yetakchilari ikki mamlakat munosabatlarida «to‘g‘ri yo‘l»ni aniqlab olishga chaqirishdi.
AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Jinping Indoneziyaning Bali orolida o‘tkazilayotgan G20 sammiti doirasida uchrashib, kelishmovchiliklarni bartaraf etish va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratish muhimligini, bunga o‘zaro munosabatlarda «to‘g‘ri yo‘nalish»ni belgilash orqali erishish mumkinligini ta’kidladilar.
Bayden va Si Jinping davlat rahbari sifatida birinchi yuzma-yuz uchrashdi. Bu ikkala mamlakat o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchaygan davrga to‘g‘ri kelmoqda.
Bayden muzokarada har ikki davlat qarama-qarshilikni kuchaytirishdan tiyilib, yangi imkoniyatlar izlashni boshlashi kerakligini aytdi.
O‘z navbatida, Xitoy rahbari Pekin va Vashington munosabatlarda to‘g‘ri yo‘nalishni belgilab olishi kerakligini ta’kidladi.
Si Jinping global va mintaqaviy muammolarni hal qilish uchun Bayden bilan «samimiy» muloqotga tayyorligini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy-AQSh munosabatlarining sog‘lom va barqaror o‘sish yo‘liga qaytishi ikki davlat va butun dunyo manfaatlariga mos keladi.