Axborot siyosatidan ijtimoiy sohagacha: Saida Mirziyoyeva muhim lavozimda ish boshladi
Prezident administratsiyasining tarkibi yosh va ijobiy imijga ega kadrlar bilan boyishda davom etyapti. Bu dargohda ochiqlik siyosatining zalvorli vakili – Saida Mirziyoyevaning paydo bo‘lishi bu boradagi islohotlar bardavom bo‘lishidan darak beradi. Qolaversa, u ijtimoiy soha, madaniyat va ta’limdagi islohotlarning borishini ham nazorat qiladigan bo‘ldi.
Navbatdagi tayinlov ko‘pchilikning diqqatini tortdi – davlat rahbarining farmoyishi bilan Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, u ijtimoiy soha, madaniyat va ta’lim sohalaridagi islohotlar ijrosining borishini ham nazorat qiladi.
Umuman, Saida Mirziyoyevaning katta sahnaga chiqib kelishidan boshlab asosiy faoliyati so‘z erkinligini ta’minlash va ochiqlik siyosatini qo‘llab-quvvatlash bo‘lgani e’tiborga molik. Bu eng yuqori doirada axborot siyosatiga jiddiy e’tibor qaratilayotganini yana bir bor ko‘rsatadi hamda mazkur masala doimiy rag‘batlantirilishini bildiradi.
Saida Mirziyoyevaning faoliyati tahlil qilinsa, u eng shov-shuvli masalalarda xalqchil pozitsiyada turgani, diqqat markazidagi muammolar bo‘yicha qonunlarga tayangani, mutasaddilarni hamisha bosiqlik va shu bilan birga qat’iyat ila harakatlarga chorlaganini ko‘rish mumkin.
Bunga misollar juda ko‘p – ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar, o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish, bolalar huquqlarining toptalishi kabi muammolarda uning ovozi ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangragan.
Prezidentning to‘ng‘ich qizi gender tenglik, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sport, tibbiyot va boshqa qator yo‘nalishlardagi loyihalarda faol ishtirok etadi hamda O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab keladi.
Ko‘zi ojiz bolalar uchun “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi, “Zakovat” dasturining umummilliy intellektual turnir darajasiga ko‘tarilishida ham Saida Mirziyoyevaning o‘rni katta.
Lekin keng qamrovli faoliyat orasida baribir so‘z erkinligi asosiy liniyaligicha qolmoqda. U va Komil Allamjonov hamkorligi AOKA nomli yirik tashkilot faoliyatining asoslarini yaratib berdi. Buning natijasida davlat organlarining ochiqligi va jurnalistlar bilan muloqoti yangi darajaga chiqdi.
Prezident administratsiyasi rahbarligiga Sardor Umrzoqov tayinlanishi ortidan jiddiy o‘zgarishlar kuzatilgan edi. Endi bu dargohda ochiqlik siyosatining zalvorli vakili paydo bo‘lishi va unga qo‘shimcha yo‘nalishlarda ham vazifalar yuklanishi, Mirziyoyevaning hozirga qadar yaratgan ijobiy imijidan kelib chiqib aytish mumkinki, islohotlarning davom etishiga yangi turtki bo‘la oladi.
Ta’kidlash o‘rinliki, yangi mulozimga yuklangan kommunikatsiyalar va axborot siyosati, ijtimoiy soha, madaniyat va ta’lim sohalarida qilinadigan ishlar, kutayotgan islohotlar hali ko‘p. Shunday ekan, media sohasidan tashqari boshqa yo‘nalishlarda ham ijobiy natijalarni hali oldinda deya yaxshi umid bog‘lashga asoslar bor.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
07:03 / 16.11.2024
Saida Mirziyoyeva talabalar bilan uchrashdi
23:45 / 08.11.2024
“Agar jurnalist haq bo‘lsa, biz uni tan olishimiz kerak” – prezident
18:37 / 30.10.2024
Saida Mirziyoyeva Fashion Trust Arabia taqdirlash marosimida ishtirok etdi
20:53 / 28.10.2024