Fan-texnika | 19:42 / 15.11.2022
55255
2 daqiqa o‘qiladi

Time 2022 yilning eng yaxshi ixtirolari ro‘yxatini tuzdi

Tanlov bir nechta parametrlar, jumladan, «biz yashayotgan dunyoga ta’siri» bo‘yicha o‘tkazildi.

Foto: AP

Time jurnali 2022 yilning eng yaxshi ixtirolari va gadjetlarining an’anaviy ro‘yxatini tuzdi. Bu yil unga an’anaviy 100 ta emas, balki 200 ta ixtiro kiritildi.

Tanlov o‘ziga xoslik, ijodkorlik, samaradorlik, ambitsiya va «biz yashayotgan dunyoga ta’siri» kabi bir qancha mezonlarga asoslandi. To‘liq ro‘yxat bilan nashrning saytida tanishish mumkin.

Nothing Phone (1) - eng innovatsion smartfon deb topildi. U 900 ta yorug‘lik diodiga ega shaffof orqa qopqoq va simmetrik ramkalarga ega displey bilan raqobatchilaridan ajralib turadi.

Noutbuklar orasida ASUS Zenbook 17 Foldso ajratib ko‘rsatildi. U bukiladigan displeyga ega va unda klaviatura bloki yo‘q. Yoyilgan shaklda uning displeyi 17,3 dyuym o‘lchamga ega bo‘ladi. Buklanganda esa 12,5 dyuymli ikkita displey paydo bo‘ladi.

Sony kompaniyasining LinkBuds quloqchinlari 2022 yildagi eng yaxshi TWS-quloqchin deb topildi. U boshqalardan maxsus dizayni bilan ajralib turadi: gadjet «teshikkulcha» shaklida yasalgan bo‘lib, musiqa bilan birga atrofdagi tovushlarni ham eshitish imkonini beradi.

Shuningdek, tasvir generatorlariga turtki bergan DALL-E neyrotarmog‘i va koinotni o‘rganishda yangi davrni ochgan Jyeyms Uebb kosmik teleskopi ham ro‘yxatga kiritildi.

Mavzuga oid