Jahon | 13:21 / 16.11.2022
8283
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va ittifoqchilari Polshadagi portlash bo‘yicha surishtiruvga yordam beradi

Favqulodda yig‘ilish yakunlari bo‘yicha NATO va G7 yetakchilari Polshada Ukraina chegarasi yaqinida sodir bo‘lgan portlash bo‘yicha surishtiruv keyingi qadamlarini belgilash uchun aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Foto: Getty Images

Qo‘shma Shtatlar va uning NATOdagi ittifoqchilari Polshada ikki kishining hayotiga zomin bo‘lgan portlash bo‘yicha surishtiruv ishlariga yordam beradi, biroq dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, unga sabab bo‘lgan raketa Rossiyadan uchirilgan bo‘lishi mumkin emas, deb ma’lum qildi AQSh prezidenti Jo Bayden. U 16 noyabr, chorshanba kuni Indoneziyaning Bali orolida G20 yillik sammitiga yig‘ilgan dunyo yetakchilarining favqulodda yig‘ilishidan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatlashdi. 

Raketa Rossiya hududidan uchirilgan deb aytishga hali ertami, degan savolga Bayden shunday javob berdi: «Buni inkor etuvchi dastlabki ma’lumotlar bor. To‘liq tekshirmagunimizcha bu haqda gapirishni istamayman, lekin trayektoriya nuqtayi nazaridan, u Rossiyadan uchirilgani dargumon». AQSh va NATO davlatlari qandaydir harakat qilishdan oldin to‘liq surishtiruv o‘tkazadi, deya qo‘shimcha qildi u.

Bayden G7 davlatlari va NATO yetakchilari bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi hamda Polshaning Ukraina bilan chegaradosh Pshevoduv qishlog‘ida sodir bo‘lgan voqeani muhokama qildi. U yerda, Polsha Tashqi ishlar vazirligi va Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiyada ishlab chiqarilgan raketa qulagan.

«Biz Polshaning sharqiy qismida Ukraina bilan chegaraga yaqin joyda sodir bo‘lgan portlashni muhokama qildik. Polsha tomonidan olib borilayotgan surishtiruvni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va yordam beramiz. Surishtiruv jarayonida tegishli keyingi qadamlarni aniqlash uchun yaqin aloqalarni davom ettirishga kelishib oldik», - deyiladi AQSh, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Niderlandiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya rahbarlari, shuningdek, YeI vakillari yig‘ilishdan keyin e’lon qilingan qo‘shma bayonotda. 

Yig‘ilish ishtirokchilari, shuningdek, 15 noyabr kuni Rossiya tomonidan Ukraina shaharlari va fuqarolik infratuzilmasiga uyushtirilgan raketa hujumlarini qoraladi. Ular Rossiyaning davom etayotgan tajovuzi qarshisida Ukraina va ukrain xalqini qo‘llab-quvvatlashlarini, shuningdek, Rossiyani javobgarlikka tortishga tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar. 

Polshadagi portlash munosabati bilan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Ukrainada urush avj olishining oldini olishga chaqirdi. «Antonio Guterrish Polshada raketa portlashi haqidagi xabarlardan juda xavotirda. Ukrainada urush avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur», - dedi uning matbuot kotibi Twitter’da va BMT bosh kotibi qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirganini qo‘shimcha qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid