Jahon | 09:58 / 16.11.2022
9339
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Ukrainadagi urushning har ikki tomonini asirlarni qiynoqqa solganlikda aybladi

BMT inson huquqlari bo‘yicha ekspertlariga ko‘ra, Ukrainadagi harbiy asirlar ham Rossiya, ham Ukraina tomonidan qo‘pol muomala va qiynoqlarga duchor bo‘lmoqda. 

Foto: Picture Alliance

Bu haqda BMTning Ukrainadagi inson huquqlari monitoringi missiyasi rahbari Matilda Bogner Kiyevdan efirga uzatilgan videotasvirda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra, faqat Ukraina tomoni ekspertlarga qo‘lga olingan harbiy xizmatchilar bilan muloqot qilish imkoniyatini bergan.

Ukrainalik harbiy asirlar bilan esa faqat Rossiya qamoqxonalaridan ozod etilgandan keyingina muloqot qilish mumkin bo‘lgan. 

Umuman olganda, missiya so‘nggi oylarda 159 nafar harbiy asir, jumladan, Rossiya yoki boshqa rossiyaparast kuchlar tomonidan ushlab turilgan 20 nafar ayol, shuningdek, Ukraina tomonidan asirda saqlangan 175 erkak bilan suhbat o‘tkazdi.

3 noyabr kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasida navbatdagi harbiy asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. 

Almashish natijasida 107 nafar harbiy xizmatchi Rossiyaga qaytarildi, ular davolanish uchun Moskvaga yuboriladi, deya xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi. 

Ukraina prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak 107 ga 107 formulasiga muvofiq asirlar almashish amalga oshirilgani faktini tasdiqladi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga olti nafar ofitser va 101 nafar oddiy askar va serjant, jumladan, Mariupoldagi «Azovstal» zavodining 74 nafar himoyachisi qaytgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid