NASA «Artemis» missiyasini Oyga uchirdi
Odamlarning Oyga qaytishi va Marsga parvozi aynan shu missiyaning muvaffaqiyatiga bog‘liq.
16 noyabr kuni Florida shtatidagi Kennedi kosmik markazi maydonidan «Artemis-1» Oy missiyasi start oldi. NASA uning doirasida Orion kosmik kemasi bilan Boeing tomonidan ishlab chiqilgan Space Launch System (SLS) raketasini koinotga uchirdi.
Avvalroq, dvigatel muammolari, yonilg‘i sizib chiqishi va murakkab ob-havo sharoiti tufayli parvoz bir necha bor qoldirilgan edi.
SLS 98 metrli ulkan raketa bo‘lib, 95 tonna yukni orbitaga olib chiqishga qodir. Endi u Orion kosmik kemasini koinotga yetkazadi, shundan so‘ng u tashuvchidan ajralib, 25 kun davomida avtonom parvoz qildi. U Oy atrofini aylanib o‘tib, 11 dekabr kuni Yerga qaytishi kerak.
«Artemis-1» - bu uchuvchisiz missiya. Orion kemasida parvoz davomida radiatsiya va quyosh chaqnashlarining ta’sirini baholash uchun ekipaj o‘rindiqlariga ikkita ayol maneken o‘rnatildi. Manekenlardan biriga AstroRad jileti kiydirilgan bo‘lib, u koinotda birinchi marta sinovdan o‘tkaziladi.
Orion kemasi ko‘p maqsadli bo‘lib, undan qisman ko‘p marta foydalanish mumkin. U 2000-yillarning o‘rtalaridan Lockheed Martin va Airbus Defence and Space kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan va Space Shuttle o‘rnini egallashi kerak.
Kelajakda Orion insonlarni Oyga va Marsga yetkazib qo‘yishi rejalashtirilmoqda.
Agar «Artemis-1» missiyasi muvaffaqiyatli chiqsa, Orion kosmik kemasida navbatdagi «Artemis-2» parvozi 2024 yilda amalga oshiriladi va bu safar bortda astronavtlar ekipaji bo‘ladi. 2025 yilda esa NASA odamlarni Oyga qo‘ndiradigan «Artemis-3» missiyasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Insonlar so‘nggi marta 1972 yilda «Apollon-17» missiyasi doirasida Oyga qo‘ngan edi.
Mavzuga oid
20:10 / 10.11.2024
XKSda qolgan astronavt keskin vazn yo‘qotmoqda
11:30 / 07.11.2024
NASA Yupiterning eng tiniq suratlarini e’lon qildi
19:33 / 28.10.2024
Oyga qo‘ngan astronavtning soati 2,2 mln dollarga sotildi
19:21 / 27.10.2024