Jahon | 13:05 / 17.11.2022
23024
6 daqiqa o‘qiladi

«Bu etnik tozalash edi». Rossiyadan ozod qilingan Xerson aholisi shahardagi okkupatsiya davri haqida gapirib berdi

Xersondagi rossiyalik harbiy, 2022 yilning iyuli. Foto: Sergey Bobilev / TASS

The New York Times va The Times nashri jurnalistlari rus qo‘shinlari ketganidan so‘ng Xersonga tashrif buyurdi va mahalliy aholidan rus harbiylarining o‘zboshimchaligi va shafqatsizligiga oid dalillar to‘pladi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat rasmiylari Xerson oblastida rossiyalik harbiy xizmatchilarning 400 dan ortiq harbiy jinoyatlarini hujjatlashtirgani, huquq-tartibot idoralari ozod qilingan hududlarda ham tinch aholi, ham askarlarning jasadlarini topayotganini aytdi.

Jurnalistlar bilan suhbatlashgan Xerson aholisi orasida bolalar bog‘chasi tarbiyachisi Yelena ham bor edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rus harbiylari Tik-Tok ’da Ukrainani qo‘llovchi strim qilgani uchun uning boshiga sumka kiygizib, yerto‘laga olib borgan. Yelenaning aytishicha, rus askarlari mahbuslar yerto‘laga tushayotgan va chiqayotgan paytda oyoqosti qilishi uchun polga AQSh va Buyuk Britaniya bayroqlarini to‘shab qo‘ygan.

Yelenaning tasdiqlashicha, unga narkotik qabul qildirishgan va 11 kun hibsda ushlab turishgan. Keyin esa uni ekstremizm va Kiyev hukumatini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblashgan. Yelenani kamera qarshisida o‘z qarashlaridan voz kechishga rozi bo‘lgandan keyingina qo‘yib yuborishadi.

G‘arb nashrlarining yana bir xersonlik suhbatdoshi, Xerson shahridagi kafelardan birining egasining aytishicha, mast rossiyalik askarlar agar tadbirkor narxlarni grivnadan (Ukraina pul birligi) rublga o‘tkazmasa, uning kafesiga granata tashlash bilan tahdid qilgan.

«Ular tashqarida turib, yo‘ldan o‘tib ketayotgan ayollarni ushlab oldi», – deydi kafe egasi.

The Times gazetasi Xersondagi rus istilosi davridagi muhitni Stalin terrori bilan tenglashtirdi.

«Men kim bilandir gaplashishdan oldin so‘zlarimni yetti o‘lchab, bir kesardim. Chunki siz Ukrainani qo‘llovchi gapingiz uchun kim sizni sotishi mumkinligini hech qachon bilmaysiz», – degan mahalliy tadbirkor Oleksandr Savelev The Times nashriga.

Quruvchi Sergey Bloshkoning aytishicha, u to‘qqiz oy davomida do‘stlari bilan yashirinib yurishga majbur bo‘lgan. U mart oyida Rossiya qo‘shinlari Xersonga kirganidan ko‘p o‘tmay yuz bergan bosqinchilarga qarshi mitinglarda qatnashgani uchun hibsga olinishidan xavfsiragan.

Bloshkoning so‘zlariga ko‘ra, uning ba’zi do‘stlari hibsga olingandan keyin yo‘qolib qolgan. Rossiyalik harbiylar Sergeyni topish uchun uning uyiga keladi. Uni topa olishmagach, muzlatgich va televizorni olib ketishadi.

«Ular Ukrainani qo‘llovchi aholiga bosim uyushtirdi. Bu yerda sodir bo‘lgan narsalar etnik tozalash edi», – deydi Bloshko The New York Times gazetasiga.

Nafaqaxo‘r Irina Rodavanova jurnalistlarga rossiyalik harbiylar erini yo‘l harakati qoidalarini buzganlikda ayblab, yo‘l yoqasida kaltaklaganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, rus harbiylarining mahalliy aholiga nisbatan shafqatsiz munosabati xersonliklarning noroziligiga olib kelgan va shaharni «ruslashtirish» siyosatining barbod bo‘lishiga asosiy sabab bo‘lgan.

Xerson rus armiyasi Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng egallashga muvaffaq bo‘lgan yagona oblast poytaxti bo‘lgan shahar edi. Sentyabr oyi oxirida Kreml Ukrainaning Zaporijjya va Xerson oblastlarining bosib olingan qismlari, shuningdek, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Luhansk xalq respublikalarini rasman annexia qildi.

Xerson bosib olingach, Rossiya hukumati va mahalliy rossiyaparast amaldorlar shaharni «ruslar shahri» deb atadi va «Rossiya bu yerda abadiy» degan zalvorli shiorlar to‘qidi. Shaharda hisob-kitoblar rublga o‘tkazildi, maktablarda rus o‘quv dasturlari joriy qilindi va o‘qituvchilar rus tilida dars bera boshladi.

Xersonda rus propaganda teleko‘rsatuvlari efirga uzatila boshlandi, ko‘chalarga rossiyaparast shiorlar yozilgan bannerlar osib qo‘yildi (rus qo‘shinlari shahardan chiqib ketgandan keyin mahalliy aholi ularni yirtib tashladi).

Jurnalistlar tomonidan to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, shahar aholisining bir qismi bosqinchi hokimiyat talablariga bo‘ysunishdan bosh tortgan. Masalan, Rossiya Federatsiyasi tomonidan tayinlangan mansabdor shaxslar Xersondagi taksopark xodimi Olga Makarchuk to‘lovlarini rublda to‘lashni talab qiladi, ammo Makarchuk hisobni grivnada to‘lashda davom etadi.

Yana bir mahalliy aholi vakili Irina Dyagilevaning aytishicha, u qizini o‘qituvchilar yashirincha Ukraina dasturlari asosida dars beruvchi va Rossiya madhiyasi o‘rniga «Slava Ukraine!» deya o‘quvchilarni kutib oluvchi maktabga yuborgan.

Rossiya qo‘mondonligi 9 noyabr kuni Xerson shahri joylashgan Dneprning o‘ng qirg‘og‘idagi bo‘linmalari ta’minoti bilan bog‘liq muammolar tufayli Xersondan chekinishi haqida e’lon qildi. Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi qo‘shinlarni daryoning chap sohiliga olib o‘tishga qaror qildi. Oradan ikki kun o‘tib ukrainalik harbiylarning birinchi guruhlari shaharga kirib keldi.

Ukraina hukumati Xersonda bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan «barqarorlashtirish» tadbirlarini o‘tkazmoqda. 14 noyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xersonga keldi.

Bu paytda Kreml Xersonni «Rossiya Federatsiyasi hududi» deya ta’kidlashda davom etmoqda.

Муҳаммадқодир Собиров
Tayyorlagan Муҳаммадқодир Собиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid