Jamiyat | 20:00 / 17.11.2022
14630
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasida amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi va kelishuvlarga erishildi

Joriy yilning 14-18 noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da o‘tkazilayotgan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasida “O‘zbekneftgaz” AJ ham ishtirok etmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ushbu tadbir mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini o‘rganib chiqish, kelgusida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va ish ko‘lamini kengaytirish uchun 2023 yil ehtiyojlari uchun buyurtmalar portfelini shakllantirishga yo‘naltirishdan iborat.

Ko‘rgazmaning ikkinchi kunida “O‘zbekneftgaz” AJ markaziy stendiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova va boshqa hamkorlar tashrif buyurishdi.

Mehmonlar tarmoqda sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan ishlar, investitsion loyihalar doirasida o‘zlashtirilgan mahsulotlar hamda yaqin kelajakda o‘zlashtirilishi rejalashtirilayotgan mahsulot namunalari bilan tanishishdi.

Sanoat yarmarkasining ikkinchi kuni ikki tomonlama hamkorlikni o‘rnatish va yanada kengaytirishga qaratilgan amaliy ishchi muzokara va uchrashuvlarga juda boy bo‘ldi.

Xususan, Navoiy viloyatida joylashgan “Gidro Stanko Servis” MChJ bilan tarmoqning siquv kompressor stansiyalarida qo‘llanadigan gaz turbinalarni ta’mirlash, burg‘ilash obektlarida qo‘llanadigan quvur va dolotalarni sanoat-tajriba sinovlaridan o‘tkazish va yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik ishlari muhokama qilindi.

“SDK group AND” MChJ bilan yangi turdagi moylash mahsulotlarini sanoat-tajriba sinovlaridan o‘tkazish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini imzolash va ijobiy natijalar asosida yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Toshkent viloyatida joylashgan “Kimyo texnologiya” MChJ bilan mahalliylashtirilgan zamonaviy xromatograflarni “O‘zbekneftgaz” AJ ehtiyoji va investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar uchun texnik buyurtma parametrlariga mosligi asosida xaridni amalga oshirish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.

O‘zbekiston-Xitoy “UzXCMG” qo‘shma korxonasi bilan tashkilot tomonidan ishlab chiqaradigan yuk, qurilish mashinalarini va maxsus texnikalarni “O‘zbekneftgaz” AJ tarmoq korxonalarining ehtiyojiga asosan sotib olish haqida muhokama qilindi.

Turk dunyosi hamkorlik va yordamlashma markazi bilan “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish, yangi turdagi ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Ta’kidlash joizki, yarmarkada joriy yilning sentabr oyida ”Zevarda” konida mahalliy ishlab chiqarish korxonalari uchun taqdimot tadbiri davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi ham kuzatildi. Xususan, “Jizzax ximplast” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan “PDC” markali burg‘ilash dolotalari sanoat-tajriba sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tganligi qayd etildi va shartnoma shartlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, “Manokip” MChJ bilan “O‘zbekneftgaz” AJ bosim o‘lchash asboblarini ishlab chiqarish va ularni tajriba sinovlaridan o‘tkazish, “Navpromlitmash” MChJ bilan issiqlik almashtirgichlarni o‘zlashtirish, quvur mahsulotlarini yetkazib berish, “Oil filter Technologies” MChJ bilan yangicha filtrlarni ishlab chiqarish, “Uzpromarm” MChJ bilan “API” standartlariga mos zadvijkalar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Germaniya, Turkiya, Qirg‘iziston, Rossiya, Ukraina, BAA kabi xorijiy davlatlardan kelgan tadbirkorlar bilan “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari o‘rtasida mahalliylashtirish va kooperatsiya yo‘nalishida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

E’tiborlisi bevosita ko‘rgazma stendining o‘zida erishilgan kelishuvlarning texnik, yuridik va iqtisodiy shartlarini muhokama qilish, bozor kon’yunkturasi asosida maqbul narxni belgilash, yagona kooperatsiya portali orqali rasmiylashtirish imkoniyatlari yaratilgan.

Shuni qayd etish kerakki, 2022 yilning 1 noyabr holatiga “O‘zbekneftgaz” AJ va tarmoq korxonalari tomonidan elektron kooperatsiya portali orqali umumiy qiymati 1 093,9 mlrd so‘mlik 1 998 ta shartnoma imzolangan. Shundan, 257,5 mlrd so‘mlik 1 604 ta shartnoma mahsulotlar, butlovchi buyum va materiallar ishlab chiqarish uchun bo‘lsa, 883,4 mlrd so‘mlik 424 ta shartnoma yangi o‘zlashtirilgan sanoat xizmatlari ko‘rsatishdan iborat.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid