O‘zbekiston | 09:03 / 18.11.2022
10534
3 daqiqa o‘qiladi

Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasini ijtimoiy shartnoma tuzish orqali berish boshlanadi

Foto: Kun.uz

“Davlat ijtimoiy yordamlarini taqdim etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarga 2024 yil 1 apreldan boshlab kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasini ijtimoiy shartnoma tuzish orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi.

Belgilanishicha, ijtimoiy shartnoma bolalar nafaqasi tayinlashda taqdim etiladigan ariza bilan bir paytda tuziladi hamda bolalar nafaqasi tayinlangan oydan boshlab kuchga kiradi. Ariza beruvchi tomonidan ijtimoiy shartnoma tuzilmagani (ijtimoiy shartnomani imzolashdan bosh tortilgani) arizani qabul qilmaslik uchun asos bo‘ladi.

2024 yil 1 fevralga qadar:

Xalq ta’limi vazirligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi tasarrufidagi davlat ta’lim tashkilotlarida majburiy ta’lim doirasida ta’lim olayotgan bolalar qatnovini;

Sog‘liqni saqlash vazirligi vaksina olgan bolalarni hisobga olish elektron tizimi to‘liq joriy etilishini ta’minlaydi.

Moliya vazirligi Xalq ta’limi vazirligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari vazirligi bilan birgalikda 2024 yil 1 martga qadar qayd etilgan ma’lumotlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsion platformasi orqali elektron tarzda onlayn rejimda taqdim etib borilishini yo‘lga qo‘yadi.

Moliya vazirligi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan idoralararo axborot almashinuvini qo‘llagan holda har oyda avtomatik ravishda bolalar maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga qatnovi va profilaktik emlash kalendariga muvofiq majburiy vaksina olingani tekshirib borilishini ta’minlaydi.

Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2024 yil 1 martga qadar bolalar nafaqasini ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etish bo‘yicha  quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

a) bolalar nafaqasi oluvchi oilalardagi bolalar maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga qatnovini hamda biriktirilgan poliklinikadan majburiy vaksinalarni o‘z vaqtida olishini inobatga olish bo‘yicha ijtimoiy shartlarni nazarda tutish;

b) ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda bolalar nafaqasi miqdorini kamaytirish va to‘xtatish; Bunda, ijtimoiy shartlarni bajarish uchun qo‘shimcha muddat taqdim etiladi, bola sog‘ligi sababli qatnov pasayishi, vaksinalarni muddatdan kech yoki umuman olmaganda cheklovlar qo‘llanilmaydi;

v) ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilishini monitoring qilib borish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid