Ukrainaliklarga energiyani tejash uchun qishda mamlakatni tark etish haqida o‘ylash taklif etildi
Rossiyaning raketa zarbalari oqibatida Ukraina energetika tizimining deyarli yarmi ishdan chiqqan.
Ukrainaning DTEK energetika kompaniyasi bosh direktori Maksim Timchenko vatandoshlariga energiyani tejash uchun qishda mamlakatni tark etish haqida o‘ylab ko‘rishni taklif qildi. Bu Rossiyaning yirik raketa zarbalari oqibatida Ukraina energetika tizimining deyarli yarmiga zarar yetkazilganidan keyin elektr energiyasini tejashga yordam beradi.
«Bu zudlik bilan evakuatsiyani talab qiladigan favqulodda holat emas. Ammo biz iste’molni imkon qadar samarali tashkil qilishimiz kerak», dedi u.
Timchenko so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning har bir yangi zarbasi oqibatida Ukraina energetika tizimi zaiflashmoqda. Shu bilan birga, iste’molni kamaytirish uni saqlashning kalitidir. Uning ta’kidlashicha, ukrainaliklar vatanni tark etishni Rossiyaga qarshi urushda g‘alaba qozonishga yordam berish usuli sifatida ko‘rib chiqishlari kerak.
«Agar ukrainaliklar yana uch-to‘rt oy yashash uchun muqobil joy topa olsalar, bu tizim uchun juda foydali bo‘ladi», — dedi Timchenko.
DTEK bosh direktori Ukraina energetika tizimiga yordam berish ham g‘alabaga hissa ekanini tushuntirdi. Elektr iste’molini kamaytirish yarador askarlar davolanayotgan shifoxonalarda yorug‘lik bo‘lishini ta’minlaydi.
«Agar siz kamroq iste’mol qilsangiz, yarador askarlar joylashgan shifoxonalar kafolatlangan elektr ta’minotiga ega bo‘ladi. Kamroq iste’mol qilish yoki boshqa joyga ko‘chib ketish orqali ham g‘alabaga hissa qo‘shish mumkin», deb qo‘shimcha qildi Timchenko.
Avvalroq, Rossiya Qurolli kuchlari 10-11 oktyabr, 17 oktyabr, 31 oktyabr, 11 noyabr va 15 noyabr kunlari Ukraina hududi bo‘ylab yirik raketa zarbalarini bergan edi. Oqibatda, 15 ga yaqin energetika obektlariga zarar yetkazildi. Shundan so‘ng, energetiklar deyarli butun Ukraina bo‘ylab elektr ta’minotini favqulodda o‘chirishni boshladilar.