Jahon | 07:45 / 19.11.2022
9434
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Rossiyani terrorizm homiysi deb tan olish to‘g‘risida rezolyutsiya tayyorladi

Yevroparlament (YeP) Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olish to‘g‘risida rezolyutsiya tayyorladi. 

Foto: AP

YeP 23 noyabr kuni Strasburgdagi sessiyada u bo‘yicha ovoz berish jarayonini amalga oshirish niyatida, deb xabar berdi Yevroparlament matbuot kotibi Delfin Kolard brifingda. 

«23 noyabr kuni Yevropa parlamenti deputatlari Ukrainadagi fuqarolik obektlariga keng ko‘lamli hujumlar kuchayishi natijasida Rossiyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlat sifatida tavsiflovchi rezolyutsiyaga ovoz berishadi», dedi u. 

Yevroparlament deputatlari Rossiyani terrorizmning homiysi deb e’lon qilish orqali Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning hukumati ushbu jinoyatlar uchun xalqaro tribunal oldida javobgarlikka tortilishiga yo‘l ochmoqchi, deya ta’kidlaydi YeP.

Bundan oldin Estoniya parlamenti Riygikogu Ukraina hududining noqonuniy annexia qilinishini qoralab, Rossiya rejimini terroristik deb e’lon qilgan bayonotni qabul qildi. 

Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari va bosib olingan hududning noqonuniy annexia qilinishini keskin qoralagan Estoniya parlamenti Tallin tajovuz va soxta referendumlar natijasida Ukrainaning hududiy yaxlitligi buzilganini hech qachon tan olmasligini bildirdi. 

«Hech qachon huquqbuzarlik orqali haqiqatga erishib bo‘lmaydi. Yadro quroli bilan tahdid qilgan Putin rejimi Rossiyani ham Yevropa, ham butun dunyo tinchligi uchun eng katta tahdidga aylantirdi», — deyiladi Riygikogu matbuot xizmati bayonotida.

Boltiqbo‘yi mamlakati parlamenti Rossiya rejimini terroristik, Rossiya Federatsiyasini esa «harakatlariga birgalikda qarshi turish kerak bo‘lgan terrorizm homiysi bo‘lgan davlat» deb e’lon qildi hamda xalqaro hamjamiyatni shunga o‘xshash deklaratsiyalarni qabul qilishga chaqirdi. 

Riygikogu Rossiya tomonidan egallab olingan Donetsk va Luhansk oblastlari hududlarida yaratilgan qurolli tuzilmalar va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasini terrorchi tashkilotlar deb tan olish zarurligini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid