Jahon | 07:52 / 22.11.2022
4910
3 daqiqa o‘qiladi

JSST: Qishda millionlab ukrainaliklarning hayoti xavf ostida qoladi

Rossiya Ukraina sog‘liqni saqlash tizimiga 700 dan ortiq hujum uyushtirdi, 3 milliongacha ukrainaliklar esa iliqlik izlab uylarini tark etishadi.

Foto: Anadolu Agency

Fuqarolik infratuzilmasi vayron bo‘lishi sababli Ukrainada kelayotgan qish mamlakat millionlab aholisi hayoti uchun xavf tug‘diradi, dedi 21 noyabr, dushanba kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqaviy direktori Xans Klyuge. 

Klyuge Ukraina energetika infratuzilmasining yarmi Rossiya o‘qlari oqibatida vayron bo‘lganini yoki zarar ko‘rganini ta’kidlab: «Jiddiy energiya inqirozi, ruhiy salomatlikning yomonlashuvi, insonparvarlik yordamiga kirish cheklovlari va virusli infeksiyalar xavfi bu qishni Ukraina sog‘liqni saqlash tizimi va Ukraina xalqi uchun katta sinovga aylantiradi», deya ogohlantirdi.

JSST prognoziga ko‘ra, Ukrainada 2-3 millionga yaqin odam qishda issiqlik va xavfsizlik izlab uylarini tark etadi. «Biz Ukraina sog‘liqni saqlash tizimiga qishga tayyorgarlik ko‘rishda yordam bermoqdamiz. Bunga tibbiyot muassasalari va isitish infratuzilmasini favqulodda ta’mirlash, shuningdek, elektr ta’minotini saqlash kiradi», — dedi Klyuge.

Klyugening so‘zlariga ko‘ra, JSST allaqachon Rossiyaning Ukraina sog‘liqni saqlash tizimiga hujum qilgan 703 ta holatini qayd etgan. «Sog‘liqni saqlash va energetika infratuzilmasiga hujumlarning davom etishi, asosiy ehtiyojlarni qondirish uchun yonilg‘i, suv va elektr energiyasi yetishmasligi tufayli yuzlab kasalxonalar va sog‘liqni saqlash muassasalari to‘liq quvvatda ishlamayapti», deb tushuntirdi u.

Sinoptiklar mamlakatning ayrim hududlarida qishda havo harorati minus 20 darajagacha tushishini prognoz qilmoqda va ko‘plab oilalar dizel yonilg‘isi generatorlari yoki elektr isitgichlar yordamida ko‘mir yoki o‘tin yoqish muqobil isitish usullariga o‘tishga majbur bo‘ladi, deya davom etdi Klyuge.

Bu sog‘liq uchun qo‘shimcha xavflarga olib keladi, jumladan toksik moddalar ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deya tushuntirdi u. Bundan tashqari, virusli respirator infeksiyalar, jumladan, koronavirus va oddiy grippning mavsumiy o‘sishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid