O‘zbekiston | 07:31 / 23.11.2022
2021
3 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy sudlarda ayrim da’volar yuzasidan regressiv davlat boji stavkasini qo‘llash joriy etiladi

Foto: Kun.uz

«Jismoniy va yuridik shaxslardan undirilayotgan davlat bojlari miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonuni loyihasi e’lon qilindi.

Davlat organlari va tashkilotlari sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan holatlarni qisqartirib, ular jismoniy va yuridik shaxslar mulkiy huquqlarini cheklash, mahrum qilish yoki boshqa har qanday ko‘rinishda ta’sir qilishga qaratilgan da’volari, arizalari va shikoyatlari uchun umumiy asoslarda davlat boji to‘lanishi, davlat bojini to‘lash bo‘yicha mablag‘lar budjet tashkilotlari xarajatlar smetalariga kiritilishi, fuqarolik sudlarida mol-mulkni o‘zganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan da’vogarlar (davlat organlari va tashkilotlari bundan mustasno) davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Bunda, da’vogar da’vo talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, undan talablar qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda davlat boji undirish, iqtisodiy sudlarda mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan regressiv (da’vo qiymati oshishiga qarab davlat boji stavkasi proporsional ravishda tushib boradi) davlat boji stavkalarini qo‘llashni joriy etish nazarda tutilgan.

Tadbirkorlar ma’muriy sudlarga ariza berishida davlat boji stavkasini 2 baravarga kamaytirish hamda tadbirkorlar soliq idoralari qarori ustidan sudga shikoyat kiritish muddatini 3 yilgacha uzaytirish vazifasi belgilangan.

Loyiha bilan Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks va «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida, jismoniy va yuridik shaxslar uchun alohida davlat boji stavkalari belgilanadi, nizo kelishuv bitimi bilan yakunlanganda va avval mediatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bilan bog‘liq nizo bo‘yicha sudga murojaat qilinganda davlat bojidan imtiyozlar beriladi, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sudlarga ariza berishida to‘lanadigan davlat boji stavkasi kamaytiriladi hamda tadbirkorlar soliq idoralari qarori ustidan sudga shikoyat kiritish muddati 3 yilgacha uzaytiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid