Jahon | 17:04 / 23.11.2022
8656
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina razvedkasi: Rossiya Qrim shimolida mudofaa chiziqlarini qurmoqda

Foto: Picture Alliance

Ukraina harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari annexia qilingan Qrimni himoya qilishga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda va yarimorolning chekkasida hamda uning shimoliy qismida mudofaa chiziqlarini qurmoqda

«Ular Xerson viloyatida Dniproning chap qirg‘og‘ida ham, yarimorolning shimolida - Qrim bilan ma’muriy chegarada ham mudofaa zonasini yaratmoqda, xususan, Jankoyning shimoliy qismida ikkita pozitsion hudud qurilmoqda. Bu ular uchun juda muhim, chunki Ukraina qo‘shinlarining qarshi hujumi natijasida Qrim shimoli Ukraina Qurolli kuchlari uchun nishonga aylanadi», dedi Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») vakili Andrey Chernyak «Ukrinform» agentligiga bergan intervyusida.

Shu bilan birga, u Xerson va Zaporijjya viloyatlaridan evakuatsiya qilinayotgan rossiyaliklar va kollaborantlar (bosib olingan mamlakatlarda o‘z vatanining dushmanlari bilan hamkorlik qilgan kishi) Qrimga emas, Rossiya hududiga yetib borishga harakat qilayotganini ta’kidladi. 

«Hatto ular u yoki bu tarzda Qrim Rossiya uchun yo‘qolib, Ukrainaga qaytishini tushunishyapti», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Bundan oldin Rossiya qo‘shinlari annexia qilingan Qrim shimolida va Xerson viloyatida okoplar qazishni boshlagani xabar berilgandi.

Shuningdek, ochiq manbalardagi razvedka bo‘yicha mutaxassis (OSINT) Benjamin Pittet ham tegishli ma’lumotlarni e’lon qildi. U Twitter’da sun’iy yo‘ldosh suratlarini joylashtirdi, ularda Qrim shimolida okoplar qazilayotganini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid